Iroqdan qaytayotgan askarlarni vatanda nima kutmoqda?

  • Amerika Ovozi

AQShning Iroqdagi askarlari

AQShning Iroqdagi askarlari

AQSh qo'shinlari oy oxirigacha Iroqni tark etib bo'lishi kerak. Vataniga qaytayotgan askarlar bir tomondan xursand - oilasi bilan diydor ko'rishib, tinch hayotga sho'ng'iydi. Ammo xavotirlar ham yo'q emas. Og'ir iqtisodiy sharoitda ish topish oson bo'lmaydi.

Amerika Ovozi muxbiri Luis Ramirez shu kunlarda Iroq-Quvayt chegarasida amerikalik harbiylar bilan shu haqda suhbat qildi.

Ulardan biri serjant Brett Bolton. U harbiy-havo kuchlarida yuk mashinasini haydaydi. Iroqda olti yildan beri xizmat qilmoqda. Kampaniya tugab, kelajakka nazar tashlashga harakatida.

"Yaxshi ish topish kerak. Eng muhimi shu. Ana undan keyin uylanmoqchiman", - deydi u.

Yuk mashinasi haydovchilariga hozirgi sharoitda ish Amerikada ko'p emas. Ammo armiyada ham umrbod qolish mumkin emas.

Brett Bolton harbiy kampaniya davomida ta'minotchi qismda xizmat qilmoqda. Mazkur bo'linma urush davrida tuzilgan. Hozir askarlar va harbiy texnikani Iroqdan chiqarish bilan band. So'ng qism tarqatib yuboriladi. Aksariyati harbiy ishda qoladi, ammo mudofaa xarajatlari qisqarishi kutilar ekan, kelajak mavhum.

Vatanga qaytayotganimizdan xursandmiz, ammo mehnat bozori haqida o'ylasak, bezovta bo'lamiz, deydi Bolton.

"Amerikada ishsizlik juda yuqori darajada hozir. Olti yil xizmat qildim. Burchimni ado etdim, endi esa tinch hayotga qaytmoqchiman. Ammo bu yog'i nima bo'larkan, hayronman", - deydi Bolton.

Askarlarga ish topishda, harbiy bilimlarini tinch hayotda tadbiq etishda yordam berish maqsadida harbiy-havo kuchlari va boshqa qismlarda maxsus dasturlar tashkil etilgan. Zobitlar endi yangi kurashga kirishmoqda, biroq bu safar og'ir iqtisodiy sharoitda yangi hayot boshlash uchun kurashga.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG