Oz sonli guruhlarning ayrim vakillari Trampni qo'llab-quvvatladi

  • Amerika Ovozi

Prezidentlikka respublikachilardan nomzod Donald Tramp bayonotlari nafrat va adovat uyg’otishi haqida ko’p gapirilayotgan bo’lsa-da, partiyaning Klivlenddagi qurultoyida qatnashganlar orasida etnik va diniy ozchiliklarga mansub vakillar ham kam bo'lmadi.

Trampning eng mashhur va’dalaridan biri – Meksika bilan AQSh chegarasi bo’ylab baland devor qurish va bu bilan noqonuniy muhojirlarni mamlakatga kiritmaslik haqida.

Olga Farnam kelib chiqishi meksikalik bo’lsa-da, Trampni aynan shu va’dasi uchun qo’llab-quvvatlayotganini aytadi.

"Donald Tramp devor qurmoqchi. Bu men uchun eng muhimi. Yillar davomida mamlakatimiz immigratsiya muammosi bilan yuzlashadi. Men Meksika chegarasiga yaqin El-Paso shahri, Texas shtatida yashaganman. Immigratsiyaning shahar uchun salbiy asoratlariga o’zim guvoh bo’lganman”, - deydi Farnam.

El-Pasoga farzand ko’rish uchun kelgan, so’ngra Meksikaga qaytib, AQSh hukumatidan ijtimoiy yordam puli talab qilgan meksikalik ayollar haqida gapiradi u.

Respublikachilar qurultoyida Tramp nutqining kattagina qismi qonun va tartibga bag’ishlandi.

Afro-amerikalik Devid Klark Viskonsinda politsiya sherifi, u Tramp uchun ovoz bermoqchi.

“Hammasi xavfsizlikka bog’liq. Har bir odam uchun bu ustuvor masala. Irq, millat, jins, din, hayot tarzi va yoshdan qat’i nazar hamma uchun xavfsiz sharoitda yashash - eng muhimi. Donald Tramp esa qonun ustuvorligini ta’minlamoqchi, politsiyani qo’llab-quvvatlamoqchi. Buning naqadar muhimligini u yaxshi tushunadi”, - deydi Klark.

Farnamning hamkasbi, Husayn Xurram esa Tramp uchun boshqa sababdan ovoz berisn niyatida: nomzod Yaqin Sharq va Turkiyada kurdlar uchun kurashishni va’da qilgan, deydi kelib chiqishi eronlik yigit.

“Donald Tramp uchun ovoz bermoqchimiz, chunki u kurdlarni “Islomiy davlat”dan qutqarmoqchi. Obama siyosati mag’lubiyatga uchradi. Jihodchilar kurd ayollarni o’g’irlab ketyapti, zo’rlayapti, qiynoqqa solyapti. Ularni to’xtatish vaqti keldi. Hillari Klinton uchun ovoz bergan odam Obama siyosati davom etishini istaydi, ammo bu siyosat zo’rlash, qiynoqqa solish va bombalar portlashini to’xtata olmaydi. Kurdistondagi do’stlarim, g’alabaga oz qoldi. Tramp saylovda g’alaba qozonsa, siz ozod bo’lasiz. Buni va’da qilishim mumkin”, - deydi u.

Musulmonlarni mamlakatga kiritmaslik, masjidlarni esa doim kuzatish haqidagi da’vatlaridan keyin ko’plab musulmonlar Trampni tanqid qildi. Ammo Respublikachilar konvensiyasida unga ovoz berishga tayyor musulmonlar ham bor edi.

Shifokor Vakas Xon Tramp kampaniyasini qo’llab-quvvatlab, pul ajratgan. Ko’plab musulmonlar Trampning immigratsiya siyosatini to’g’ri tushunmayapti, deydi u.

“Ikki taraf bir-birini tushunmayapti. Biz ko’priklar qurish niyatidamiz, ularni yoqish emas. Janob Trampning musulmonlar haqidagi bayonotlari kundan-kunga yumshamoqda, yaqin orada u radikal musulmon va tinchliksevar, Amerikani sevadigan musulmonlar orasidagi farqni tushunadi, deb umid qilaman,” - deydi Xon.

Bu fikrga michiganlik musulmon doktor Nassar ham qo’shildi. Tramp uchun eng muhimi – xavfsizlik, bizga shunisi kerak, deydi u.

“Biz uzoq yo’l bosib o’tdik. Amerika – yangi vatanimiz. Uni himoya qilishimiz kerak, to’g’rimi?” - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG