Karter Turkiya rasmiylari bilan Iroq suvereniteti haqida gaplashdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter (chapda) Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an bilan, Anqara, Turkiya, 21-oktabr, 2016-yil.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter (chapda) Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an bilan, Anqara, Turkiya, 21-oktabr, 2016-yil.

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Turkiyada mamlakat rasmiylari bilan muzokara olib bormoqda. U siyosiy va harbiy yetakchilar bilan ko'rishib, ularni Iroq suverenitetini hurmat qilishga undagan.

Karter Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an bilan uchrashib, Suriya va Iroqda "Islomiy davlat"ga qarshi janglarda harbiy hamkorlikni oshirish masalasida ham gaplashgan.

Musulni "Islomiy davlat" jangari guruhidan tortib olish amaliyoti boshlanishi ortidan mintaqada Iroq va Turkiya ziddiyatlari kuchaygani kuzatildi. Bundan xavotirlangan Vashington tomonlarni murosaga chorlash uchun mudofaa vazirini Anqaraga jo'natgan.

Turkiya, asosan, sunniylar yashovchi Musul shahrini qayta egallash amaliyotida qatnashishni istaydi. Iroq esa bunga qarshi.

"IShIDga qarshi kampaniya boshlansa, Iroq suvereniteti hurmat qilinishi lozimligi haqida hamma bilan gaplashib chiqqanmiz. IShIDga qarshi kampaniyaning barcha a'zolari unda ana shu tartibda ishtirok etishi kerak. Turklar bilan ham shu haqda gaplashaman", - dedi Karter Anqaraga jo'nab ketishi oldidan.

Karter rasmiylarga qanchalik bosim o'tkazishi haqida gapirmadi, ammo hozir eng muhim masala IShIDni mag'lub etish maqsadidan chalg'imaslik, dedi.

Turkiya va Iroq Musul shimolidagi Bashiqa harbiy bazasiga o'rnashib olgan turk askarlari taqdiri yuzasidan kelisha olmayapti. Bu yerda 500 turkiyalik harbiy sunniy va kurd jangchilarini o'tgan yilning dekabridan beri tayyorgarlikdan o'tkazib keladi.

Bag'dod Turkiya qo'shinlarining bu bazaga kirishiga ruxsat bermaganini aytib, ulardan hududni tark etishni talab qilmoqda. Anqara esa Musul amaliyotida ishtirok etishini ta'kidlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG