AQSh Turkiya askarlari va kurdlarni to'qnashuvlardan tiyilishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Suriyada Turkiya qo’shinlari tomonida jang qilayotgan isyonchilar shimolda kurd kuchlaridan to’rtta qishloq va bir shaharni tortib olgan. Ayrim xabarlarga ko’ra, turk havo hujumlarida hududda kamida 35 odam o’lgan, 20 nafari Jubal Kusa qishlog’ida, 15 kishi esa Al-Armana shahri yonida.

Turkiya armiyasining bildirishicha, yakshanba kungi havo hujumlarida 25 kurd jangarisi yo’q qilingan, tinch aholiga zarar yetmagan.

Turkiya kurd bo’linmalarining olg’a yurishini to’xtatish hamda turk chegarasiga yaqin Jarablus shahridan siqib chiqarish maqsadida bir necha kun burun Suriyaga qo’shin va og’ir harbiy texnika kiritgan.

Prezident Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, aholi Jarablusning jangarilardan ozod etilgan qismiga qaytib bormoqda.

"Daishni mag’lub etish uchun unga qarshi jang qilayotgan kuchlarga zarur yordamni beramiz. Kerak bo’lsa, boshqa hududlarda ham jang qilamiz. Kurd bo’lginchilarining suriyalik qanotiga bolta uramiz”, - dedi Erdog’an.

Suriyada Turkiya harbiylari amaliyoti hanuz davom etmoqda. AQSh kurdlar va Turkiya askarlari o'rtasidagi to'qnashuvlardan xavotir bildirib, har ikki tomonni hujumlardan tiyilishga chaqirdi.

"Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan xalqaro koalitsiyadagi AQSh vakili Bret Makgurkning aytishicha, asosiy e'tiborni IShIDga qaratish kerak va guruh jangarilari faol bo'lmagan hududlardagi to'qnashuvlar qabul qilib bo'lmas hamda jiddiy tashvishga molik holatdir.

Anqara o'z navbatida Makgurk izohini norozilik bilan qabul qildi. Turkiya Bosh vaziri o'rinbosari No'mon Qurtulmush AQShni o'z so'zida turishga chaqirdi. Bu bilan u kurdlar Frot daryosining g'arbiy qismini butunlay tark etib, narigi tomonga o'tishi kerakligi haqidagi kelishuvga ishora qilgan.

Bu orada BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili Staffan de Mistura shiddatli janglar kechayotgan Halabda 48 soatlik sulh o'rnatishga chaqirdi. Uning aytishicha, qamalda qolgan aholi gumanitar yordamga muhtoj, elektr ta’minotini tiklash kerak.

De Mistura Rossiya uning rejasini qo’llab-quvvatlaganini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG