AQSh Turkiyaga raketalar, 400 zobit jo’natmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiyani Suriya hujumlaridan mudofaa qilish maqsadida, Qo’shma Shtatlar ittifoqchi davlatga “Patriot” rusumidagi raketa batareyalari hamda 400 zobit jo’natmoqda.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta bugun Anqaraga tashrif buyurdi. Harbiy operatsiyani amalga oshirish to’g’risidagi qaror safar oldidan imzolangan.

Mudofaa vazirligi rasmiysi Jorj Litlning bildirishicha, “Patriot” raketalari kelasi bir necha hafta ichida Turkiyaga yetkaziladi, ammo ular qayerda joylashtirilishi sir tutilmoqda.

Injirlik havo bazasida to’xtab o’tgan Leon Panetta amerikalik askarlar bilan ko’rishdi. “Biz yetkazayotgan vositalar Turkiyaga Suriyadan kelayotgan tahdidni bartaraf etish uchun zarur”, - dedi u.

NATO, Shimoliy Atlantika ittifoqi bosh-qosh bo’layotgan mazkur operatsiyaga Germaniya va Niderlandiya ham hissa qo’shadi. Rossiya, Suriya va Eron NATO qarorini tanqid qilib chiqqan.

Oktabr oyida Suriyadan otilgan snaryadlar Turkiyaning chegara shaharlarida besh kishini o’ldirgan edi. Hujumga javoban Turkiya ham chegaraga qo’shin tortib, Suriya armiyasini artilleriyadan o’qqa tutgan. Bu voqealar ketidan Anqara NATOga yordam so’rab murojaat qildi va uning hududida mudofaa sistemalarini joylashtirishga qaror qilindi.

Sistema Turkiya tomon otilgan raketalarni urib tushirishga mo’ljallangan.

Bu orada, Rossiya Suriyaga nisbatan pozitsiyasi o’zgarmaganini bildirmoqda. Kreml mojaroda Bashar al-Assad hukumatini qo’llab-quvvatlaydi. BMT Xavfsizlik Kengashida olg’a surilgan barcha rezolyutsiyalarga qarshi chiqqan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Mixail Bogdanovning “Suriya muxolifati g’alaba qilishi mumkin” degan bayonoti Qo’shma Shtatlar nazarida real vaziyatni tan olish.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Bogdanov ommaviy axborot vositalariga bayonot ham, intervyu bermagan. Moskvadagi bir tadbirda bo’lgan gaplar bu, deydi diplomatlar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG