AQSh-Turkiya o’rtasidagi “strategik” ittifoqchilik faqat qog’ozda?


Turkiyada (12 sentyabr kuni) konstitutsion referendum oldidan siyosiy kampaniya davom etar ekan, o’lkaning AQSh bilan munosabatlari muhokama ostida. G’arb rasmiy Anqaraning Yaqin Sharqdagi siyosatini xavotir bilan kuzatmoqda.

AQSh admirali Maykl Mullen yaqinda Anqarada bo’lib, kasbdoshi general Ishik Koshaner bilan uchrashganda, so’nggi ikki yilgi aloqalarni ijobiy baholagan edi.

“Ikki yilda ancha narsa o’zgardi, ammo Turkiyaning Iroq hamda Afg’onistondagi yordamlari nihoyat muhim”, - deydi admiral Mullen.

Jurnalist Semih Ildiz nazarida esa ikki davlat o’rtasidagi aloqalar faqat qog’ozda “strategik”. Oldingi “global strategik hamkorlik” o’rniga, mushtarak muammolar hozir ayri-ayri muhokama qilinmoqda, deydi u.

Turkiyada islomiy yo’nalishdagi hukumatning tashqi siyosatidagi burilish ayniqsa Isroil bilan munosabatlarda yaqqol ko’zga tashlanadi.

AQShga ittifoqdosh bu ikki davlat G’azodagi voqea ketidan umuman chiqishmay qoldi. May oyida Isroil harbiylari G’azo sektoriga gumanitar yuk olib ketayotgan kemaga hujum qilib, Turkiyaning 9 fuqarosini o’ldirgan edi.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’anning Isroilni terrorda ayblashi yahudiy davlatining yaqin ittifoqchisi - AQShda xavotir bilan qarshi olingan. BMTning Eronga qo’ygan sanksiyalari Turkiya tomonidan rad etilishi ham G’arbda Anqara tashqi siyosatiga nisbatan shubha uyg’otdi, deydi tahlilchi Salih Ozel.

“Turkiya sheriklariga nafaqat qarshi turibdi, hatto ular bilan birga ishlay olmayapti, degan tasavvur paydo bo’ldi”, - deydi u.

Keskinlikni yumshatish maqsadida rasmiy Anqara o’tgan oy Vashingtonga yuqori martabali bir hay’at jo’natdi. Ular rasmiylar va qonunchilar bilan uchrashib, o’zaro munosabatlar mustahkam ekaniga urg’u berishgan.

“Yuzma-yuz uchrashuvlar kerak edi va yaxshi o’tdi”, - deydi Turkiya elchisi Selim Yenel. “Iroq, Afg’oniston, Pokiston va Bolqon mintaqasida hamkor sifatida birga ishlab turibmiz”.

Tahlilchilar nazarida Turkiyaning Afg’onistondagi hamkorligi AQSh uchun o’ta muhim. NATO doirasida yagona musulmon mamlakat bo’lmish Turkiyaning askarlari Afg’oniston armiyasi va politsiyasi malakasini oshirishda yordam bermoqda.

Elchi Selim Yenel mavjud muammolarni tushuntirar ekan, Turkiyaga zamonaviy qurol-aslaha sotishni to’xtatgan AQSh Kongressi bilan kelishmovchilikka e’tibor qaratadi.

“Ba’zilar mintaqamizda ro’y berayatgan o’zgarishlarni tushunishga qiynaladi. Shu sabab Turkiyaning regional siyosatiga nisbatan salbiy fikrlar mavjud. Ularga borib vaziyatni puxta tushuntirsak, har holda Kongress qurol-aslaha sotishga doir bitimlarni ma’qullaydi”, - deydi u.

AQShdan sotib olinadigan jihozlar, Turkiya rasmiylariga ko’ra, so’nggi payt avj olgan kurd isyonchi harakatini bostirish uchun zarur.

Jurnalist Semih Ildiz fikricha, mabodo AQSh Kongressi qurol sotmaslik to’g’risida qaror qabul qilsa, bu ikkala davlat aloqalariga zarba berishi mumkin.

“Shu bilan birga, Turkiyada yana Amerikaga qarshi kayfiyatlar kuchayadi. Oqibatda bular diplomatik munosabatlarga ham ta’sir qiladi”, - deydi Ildiz.

Turkiyada kelasi yil umum-saylovlar o’tkazilishi nazarda tutilsa, rasmiy Anqaraning Eron va Yevropa Ittifoqi hamda AQSh bilan aloqalari saylovchilar diqqat-e’tiborini jalb qilishi muqarrar.

XS
SM
MD
LG