Breaking News

Ashgabatda AQSh-Turkmaniston yillik maslahat kengashi bo'lib o'tdi


Ashgabat
Ashgabat
13-15 yanvar kunlari Turkmaniston poytaxtida Amerika bilan yillik siyosiy maslahat kengashi bo'lib o'tdi.

AQSh Davlat departamenti va Mudofaa vazirligidan bir guruh rasmiylar Ashgabatga bordi. Delegatsiyaga Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomat Nisha Bisvol yetakchilik qildi.

13-yanvar kuni Bisvol xonim prezident Qurbonguli Berdimuhammedov bilan uchrashgan. Obama ma'muriyati nomidan hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirgan. Davlat departamenti uchrashuv tafsilotlari haqida hozircha ma'lumot bermadi.

AQSh yetakchi diplomati Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan alohida muloqot qilgan.

Maslahat kengashida mintaqaviy xavfsizlik, Afg'onistondagi vaziyat, iqtisodiy rishtalar va savdo, itjimoiy-madaniy aloqalar hamda demokratiya va inson huquqlari masalalari muhokama qilingan.

Bunday uchrashuvlar Markaziy Osiyoning har bir davlati bilan yo'lga qo'yilgan. Amerika hukumati nazarida maslahat kengashlari tomonlarning bir-birini yaxshiroq tushunishi va o'z pozitsiyasini ifoda eta olishi uchun zamin yaratmoqda.

Quruq gapdan nariga o'tilmayapti, deya tanqid qiladiganlar ham ko'p. Ayniqsa Vashingtondagi siyosiy tahlil markazlarida bu fikr keng tarqalgan.

Konkret rejalar tuzilmayapti, dadil qadamlar tashlanayotgani yo'q, deydi aloqalarni kuzatib kelayotgan ayrim ekspertlar.

Inson huquqlari tashkilotlari Turkmanistonda inson huquqlari xarob ahvolda deya, AQShni bu muammoga jiddiy e'tibor berishga undab keladi.

Rasmiylar deydiki, 2009-yildan beri, ya'ni muntazam uchrashuvlar boshlaganidan beri har bir respublika bilan munosabatlar jadallashdi. Oradagi masalalarni birma-bir, bir davrada o'tirib, ochiq muhokama qilish uchun sharoit bor.

Afg'onistondagi xalqaro koalitsiyaga noharbiy yuk tashiladigan Shimoliy Ta'minot Tizimi - hamkorlikning yorqin misoli, deydi diplomatlar.

Yo'nalish mintaqa bo'ylab o'tib, mamlakatlarni bir-biri bilan yaxshiroq til topishishi yo'lida ham xizmat qilmoqda, deya da'vo qiladi AQSh rasmiylari.

Turkmaniston-AQSh orasida savdo ko'lami juda past. Amerika Afg'onistondagi harakatlar uchun bu davlatdan yonilg'i sotib oladi.

Vashington, deydi Nisha Bisvol, Turkmaniston, Afg'oniston, Pokiston va Hindistonni bog'lovchi TAPI gaz quvurining ishga tushishini quvvatlaydi va bu loyihaga mintaqadagi eng katta yutuqlardan biri deb qaraydi.

Obama ma'muriyati Markaziy Osiyo davlatlarini Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni kengaytirishga undab keladi.

Davlat departamentiga ko'ra, Afg'oniston rivojlanishi uchun qo'shni mamlakatlarda o'zaro savdo-sotiqni kuchaytirishi kerak. AQSh bu maqsadda, bir necha yildirki, Yangi Ipak Yo'li tashabbusini olg'a surib keladi.

Taraqqiyot chegara osha mintaqaviy tijoratni faollashtirishni talab qiladi, deydi rasmiylar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG