Breaking News

AQSh: Rossiya propagandasini erkin va xolis matbuot yengadi


Richard Stengel, AQSh Davlat departamentida Xalq diplomatiyasi bo'limi rahbari. Stengel uzoq yillar davomida jurnalistlik qilgan, nufuzli "Time" jurnali bosh muharriri bo'lgan.
Richard Stengel, AQSh Davlat departamentida Xalq diplomatiyasi bo'limi rahbari. Stengel uzoq yillar davomida jurnalistlik qilgan, nufuzli "Time" jurnali bosh muharriri bo'lgan.
AQSh Davlat departamentida Xalq diplomatiyasi bo'limi rahbari Richard Stengel Kiyevga safari chog'ida "Amerika Ovozi" bilan intervyuda shuni ta'kidladiki, prezident saylovlari yaqinlashar ekan, e'tibor ularning erkin va tartibli ravishda o'tishida. Shuningdek, deydi u, jarayon xolis yoritilishi lozim. Rossiya propagandasiga shu munosib javob bo'ladi, deydi diplomat.

Vashington rasmiysi nazarida 25-mayda o'tadigan saylov Ukraina kelajagini hal etadi.

“Saylovlar hech qachon har tomonlama a'lo darajada o'tmaydi. Rivojlangan demokratik tuzumlarda ham xatolar kuzatiladi. Ukraina sharqida ahvol tang. Rossiya agressiyasi avj olmoqda. Ukrain xalqi saylovda faol qatnashib, o'z istagini bildirib, kelajakni belgilaydi degan umiddamiz",- deydi Stengel.

"Sanksiyalar kuchli vositalar va ular albatta samara beradi. Rossiya hozirgi yo'lidan qaytmasa va Ukraina suverenitetiga raxna solishda, uni buzishda davom eta, sanksiyalarni yanada kuchaytiramiz".

Prezident Barak Obama ham bu borada eslatib kelmoqda. AQSh Rossiyani saylovlarga aralashmaslikka chaqirmoqda.

"Fikr xilma-xilligiga toqat qilinmagan va faqat bir narsa qayta-qayta takrorlanaveradigan joyda propaganda albatta xalq ongiga ta'sir qiladi. Shu bois, bizning qarashimiz shuki, Rossiya propagandasiga eng kuchli zarbani erkin matbuot beradi. Rossiya qanchalik yolg'on gapirayotganini odamlarning o'zi ko'radi. Ikki kundan beri Ukrainadaman. Kiyevda hayot qaynaydi. Odamlar tirikchilik bilan band. Hech kim hech kimni o'ldirayotgani yo'q. Rossiya propagandasiga qarasangiz, Kiyev qamalda, odamlar erkin harakat qila olmaydi, yetishmovchilik va shunga o'xshash quruq yolg'onlarni eshitasiz. Omma haqiqatni bilishi kerak va biladi ham".

Richard Stengel uzoq yillar davomida jurnalistlik qilgan, nufuzli "Time" jurnali bosh muharriri bo'lgan.

Kreml Ukrainada vaziyatning izdan chiqishida Amerika va Yevropa Ittifoqini ayblaydi. G'arb Ukrainada demokratiya tarafdori va hozirgi hukumatni qo'llab kelmoqda. Rossiya esa bunga qarshi va rus elatiga mansub fuqarolarni "bu yovuz kuchlardan" himoya qilish uning burchi ekanini da'vo qilib, o'z manfaatlari uchun kurashga shay ekanini aytib kelmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG