AQSh Ukrainaga qarshi jazo choralarini kuchaytirishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Ukraina rahbari muddatidan oldin saylovlar o’tkazishni va koalitsion hukumat tuzishni va’da qilayapti. Viktor Yanukovich shu bilan qonli g’alayonni to’xtatishga urinmoqda.

Prezident, xususan, konstitutsiyaga tuzatish kiritib, o’zining vakolatlarini qisqartirmoqchi. Yevropa Ittifoqi sa’y-harakati bilan Ukraina rahbariyati va muxolifat bugun tuni bilan muzokara qilib, shunday xulosaga kelgan. Ittifoq mulozimlarining aytishicha, taraflar bugun maxsus kelishuv imzolashi kerak. Oppozitsiyadan bu masalada biror izoh yo’q.

Bu orada, Kiyevning Mustaqillik maydonida bugun ham o’q ovozlari quloqqa chalingan. Hukumatning da’vosicha, isyonchilar militsiyaga qarshi qurolni ishga solgan.

Kiyevda payshanba kungi qaqshatqich to’qnashuvlar o’nlab odamning boshini yedi. Muxolifat talofatlarda hukumatning snayperlarini ayblamoqda. Ayrim manbalarda bir kunning o’zida o’lganlar soni 70 dan oshgani taxmin qilinadi. Yuzlab fuqaro jarohatlangan.

G’arbdagi Lvov shahrida ham namoyishlar kuchayib, odamlar hukumat binolariga qarata qo’lbola bombalar uloqtirgan. Ayrim militsionerlar tinch fuqaroga qarshi kuch ishlatishdan bosh tortgan.

Obama ma’muriyati esa Ukraina hukumatiga qarshi jazo choralarini kengaytirish masalasini ko’rib chiqmoqda. Kecha Oq uy Ukraina xavfsizlik kuchlarining o’z xalqiga qarata avtomat qurollardan o’t ochishini keskin tanqid qilib chiqdi.

Vashington prezident Yanukovichni kuch ishlatishdan tiyilib, tinch namoyishchilar huquqlarini himoya qilishga chaqirmoqda. Namoyishchilardan ham zo’ravon choralarga qo’l urmaslik so’ralgan.

Shuningdek, Oq uy Ukrainada 20 rasmiyga nisbatan viza chekloviga qo’shimcha, moliyaviy sanksiyalarni ham joriy etishi mumkin.

Oq uy matbuot kotibi o’rinbosari Josh Ernestning aytishicha, so’nggi voqealar bu borada shoshilinch chora ko’rish zaruratini tug’dirgan.

“Ammo sanksiyalar haqida qaror qabul qilish oson emas. Bunday jazolarni qo’llash oqibatida kelib chiqadigan natijalarni o’rganib chiqish muhim”, - deydi u.

Obama Ukrainadagi vaziyat bo'yicha Germaniya kansleri Angela Merkel bilan maslahatlashgan. Zo’ravonlikka barham berish hamda muammoga siyosiy yechim topish maqsadida AQSh, Germaniya hamda Yevropa Ittifoqi birgalikda ishlamoqchi.

AQSh rahbarining Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham gaplashish ehtimoli bor.

Ayni paytda Yevropa ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha uch vaziri Kiyevda prezident Yanukovich bilan Ukraina inqiroziga yechim topish haqida muzokara olib bormoqda. Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loran Fabius muloqot juda qiyin kechayotganini aytgan.

Fabius hamda Germaniya va Polsha tashqi ishlar vazirlari 20-fevraldan beri Ukrainada hukumat va muxolifat vakillari bilan gaplashayapti.

Uchrashuvlarda muvaqqat hukumat tuzish masalasi ham ko’rib chiqilmoqda.

20-fevral kunning ikkinchi yarmida Ukraina parlamenti Ichki ishlar vazirligi kuchlarining Mustaqillik maydonini tark etib, o’z bazalariga qaytishi haqida qonun qabul qildi. Ushbu hujjatning qachon ijro etilishi hali ma’lum emas. Chunki uning ijrosi uchun prezident idorasi hamda Ichki ishlar vazirligi mas’ul.

Ayni paytda Bryussel Ukrainaga qarshi qator jazo choralarini tatbiq etdi. Sanksiyalar viza taqiqlari, mol-mulk muzlatilishi hamda namoyishlarga qarshi qo’llanadigan qurollar eksportini cheklash kabi choralarni o’z ichiga oladi va zo’ravonlik uchun mas’ul deb hisoblangan shaxs va idoralarni nishonga oladi.

Rossiya Yevropa ittifoqi va AQSh olg’a surgan jazo choralarini "shantaj" deya baholadi va qoralab chiqdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG