Kongress Obamadan Ukrainaga qurol berishni so'rayapti

  • Amerika Ovozi

Dunyo yetakchilari Ukrainada urushga barham berish ustida o'ylanayotgan bir paytda AQShda ayrim qonunchilar Prezident Barak Obamani Kiyevni qurol bilan ta'minlashga chaqirmoqda. Germaniya kansleri bilan uchrashuv ortidan Obama hali bir qarorga kelmaganini bildirdi.

Ukrainada so'nggi haftalarda zo'ravonlik yanada kuchaydi. Demokrat va respublikachi qonunchilar Ukrainaga qurol berish bo'yicha Obamaga bosimni oshirmoqda. Respublikachi senator Lindsi Grem Rossiya rahbari Vladimir Putinni agressiyada aybladi.

"Bu yosh demokratiya va avtoritar diktatura o'rtasidagi kurash. Biz qaysidir tomonning yonini olishimiz kerak", - dedi u.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko sentabrda AQSh Kongressiga murojaat qilib, rossiyaparast isyonchilarga qarshi kurashda harbiy yordam so'ragan edi.

"Yopinchiq, tungi durbinlar ham muhim, ammo urushni yopinchiqlar bilan yenga olmaymiz. Shuningdek, bu yopinchiq bilan tinchlikni ham saqlab bo'lmaydi", - degan edi Petro Poroshenko.

Kongressning har ikki palatasi Poroshenko iltimosini qondirib, Ukrainaga 350 million dollar miqdorida yordam ko'rsatish haqida qaror qabul qildi. Bu yordam uch yil davomida hukumatga o'q-dori, radar va tankka qarshi aslaha kabi mudofaa qurollarini berishni ko'zda tutadi.

Harbiy ko'makning oshirilishi Putinning fikrini o'zgartirsa ajab emas, deydi Atlantika kengashi tahlilchisi Frensis Burvel.

"Rossiya harbiylari va Ukrainada ko'ngilli sifatida yurganlarga ko'proq zarar yetkazish maqsad qilinyapti. U yerda o'ldirilgan ko'plab rus askarlari noma'lum joylarga ko'mib yuborilayotgani haqida xabarlar bor", - deydi u.

Boshqa tahlilchilar esa Ukrainaning AQSh tomonidan qurollantirilishi Putinning g'azabini yanada oshirishi mumkin, deya xavotirda. Kennan instituti tahlilchisi Uilyam Pomeranz shunday fikrda.

"Harbiy yordam berib inqirozni battar kuchaytirishimiz, bundan esa Rossiya o'z manfaati yo'lida foydalanishiga sababchi bo'lishimiz mumkin. Chunki AQSh Ukrainaga qanday yordam bersa, Rossiya ham isyonchilarga xuddi shunday yoki undan ko'p ko'mak yetkazishi mumkin", - deydi tahlilchi.

Pomeranz va boshqa ayrim kuzatuvchilar fikricha, Kiyevga qurol yetkazilishi AQSh va uning yevropalik ittifoqchilari o'rtasida ham kelishmovchilikka sabab bo'lishi mumkin. Oq uyda Prezident Obama bilan uchrashgan Germaniya kansleri Angela Merkel muammoga qurol yo'li bilan yechim topib bo'lmasligini ta'kidlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG