AQSh: Ukrainaning Yevropa ittifoqiga qo'shilishini qo'llab-quvvatlaymiz

  • Amerika Ovozi

AQShning Ukrainadagi elchisi Jefri Pyat

AQShning Ukrainadagi elchisi Jefri Pyat

AQSh Ukrainada o'tgan parlament saylovlarini muvaffaqiyatli, deya olqishladi. Dastlabki natijalarga ko'ra, Yevropa Ittifoqiga qo'shilishni yoqlovchi partiyalar ko'pchilik o'rinni qo'lga kiritgan. Ular qonun chiqaruvchi organni to'liq egallasa, mamlakat Rossiyadan yanada uzoqlashishi kutilyapti.

Saylovning ilk natijalari Prezident Petro Poroshenko bloki hamda Bosh vazir Arseniy Yatsenyuk partiyasining oldinda borayotganini ko'rsatmoqda. Ular Radada koalitsiya tuzib, ko'pchilikka aylanishi kutilyapti. Ayni paytda Poroshenko Yevropa Ittifoqidan Ukrainani tezroq a'zolar safiga qo'shishni so'ragan.

"Bu saylov Ukraina muvaffaqiyatli o'tgan yana bir imtihon bo'ldi. Demokratiya, oshkoralik va erkinlik bo'yicha. Men sizlardan ittifoqchilik bitimini mamlakatlaringizda ratifikatsiya qilish jarayonini tezlatishingizni so'rayman. Bu o'tish davrida Ukrainani qo'llab-quvvatlaganingiz nishonasi bo'ladi", - dedi Petro Poroshenko.

AQShning Ukrainadagi elchisi Jefri Pyat Kiyevning Yevropaga qo'shilish harakatini Vashington yoqlashini bildirdi. O'tgan saylov Ukrainaning demokratik institutlarini mustahkamlash yo'lida muhim yutuq bo'ldi, dedi u.

"Ilk natijalar Ukraina institutlarini zamonaviylashtirish va isloh qilishni istovchilar Radada ko'pchilikni tashkil qilishini ko'rsatmoqda", - dedi AQShning Ukrainadagi vakili.

Pyat so'zlariga ko'ra, xalqaro hamjamiyat saylov natijalarini qo'llab-quvvatlaydi. Ukraina konstitutsiyasiga binoan o'tgan jarayonni Rossiya ham hurmat qilishi kerak, dedi u.

"Umid qilamizki, Kreml bu imkoniyatdan Ukraina bilan munosabatlarni yaxshilash yo'lida foydalanadi. Rossiya Donbas ishlariga aralashishi va Qrimni bosib olishi natijasida yuz bergan inqirozni yumshatish yo'lidan borishi kerak", - dedi elchi Pyat.

Kiyevda siyosiy inqiroz yuzaga kelgach, Rossiya mart oyida shoshilinch referendum o'tkazib, Qrimni o'z tarkibiga qo'shib olgan edi. Moskva, shuningdek, Ukraina sharqidagi isyonchilarni qo'llayotganlikda ayblanadi. Hukumat kuchlari va rossiyaparast ayirmachilar o'rtasidagi to'qnashuvlarda 3700 dan ortiq odam halok bo'lgan.

"Ukraina o'z geografiyasini o'zgartirmaydi. U Rossiya bilan barqaror va do'stona aloqa o'rnatishi kerak. Hukumat yetakchilari bilan o'tkazgan muloqotlarimdan shuni bilamanki, Ukraina Rossiya bilan konstruktiv aloqa o'rnatishni istaydi", - dedi AQSh elchisi.

Elchi Pyat Ukrainaning korrupsiyaga qarshi qabul qilgan yangi qonunlarini ham olqishladi. Endi ularni ijroga tatbiq etish uchun kuchli mexanizm yaratish zarur, dedi u. Elchining aytishicha, bu yo'lda AQSh va Yevropa Ittifoqi Kiyevga yaqindan yordam beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG