Breaking News

Ukrainada amerikalik kuzatuvchi halok bo'ldi


YXHT kuzatuvchilarining minaga yo'liqqan mashinasi
YXHT kuzatuvchilarining minaga yo'liqqan mashinasi

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi (YXHT) amerikalik kuzatuvchi sharqiy Ukrainadagi Lugansk yaqinida minaga uchrab halok bo'lgan. U bilan birga yana bir necha kuzatuvchi yaralangan.

Avstriya Tashqi ishlar vazirligi voqea Prishib qishlog'ida yuz berganini tasdiqladi. Avstriya ayni paytda YXHTga raislik qilmoqda.

Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sebastian Kurzning aytishicha, hodisa izchil tergov qilinadi va aybdorlar javobgarlikka tortiladi.

Yaralanganlar orasida Germaniya va Chexiya fuqarolari ham bor. Ular mahalliy kasalxonaga yotqizilgan.

Ma'lumotlarga ko'ra, kuzatuvchilar joylashgan mashina isyonchilar boshqaruvidagi hududdan o'tayotganda yer minasiga yo'liqqan.

YXHT Maxsus kuzatuv missiyasi rahbari Ertug'rul Apakan kuzatuvchilarga yordam berish va voqeani batafsil o'rganish uchun Luganskka borishini aytdi.

Hududdagi isyonchi hukumatning aytishicha, kuzatuvchilar missiyasi xavfli yo'lda harakatlanayotgan bo'lgan.

"Jamoa asosiy yo'nalishdan chiqib, yon ko'chalarda harakatlangani bizga ma'lum. YXHT tomonidan bu taqiqlangan", - deyiladi bayonotda.

YXHT sharqiy Ukrainada 600 xodimga ega. Urushdan vayron bo'lgan sanoat zonasida kuzatuv ishlarini olib borayotgan yagona tashkilot bu.

O'tgan uch yil davomida mintaqada isyonchilar va Kiyev o'rtasida ziddiyatlar borgan sari kuchayib bormoqda. 2015-yilda tuzilgan tinchlik sulhiga to'liq rioya qilinmadi.

2014-yil apreldan buyon 10 mingga yaqin odam o'lgan. Shu yil boshidan beri halok bo'lganlar soni esa 40 dan oshdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG