Kaliforniyada noqonuniy muhojirga oid muhim qaror qabul qilindi

  • Amerika Ovozi

Serjio Garsia

Serjio Garsia

Kaliforniya oliy sudi Serjio Garsia ismli noqonuniy muhojirga advokatlik guvohnomasini olishga ruxsat berdi. AQShda millionlab hujjatsiz immigrantlar o’z taqdirining hal bo’lishini kutar ekan, sud hukmining katta ahamiyatga egaligi aniq. Garsiya yoshligida Amerikaga kelib, bu yerda katta bo’lgan va oqigan yoshlarga yangi umid baxsh etmoqda.

Sudning yaqinda Kaliforniyada qonunga asosan chiqarilgan qaroriga ko’ra, qonuniy maqomi bo’lmaganiga qaramay, Serjio Garsia endi advokat bo’lib ishlashi mumkin. Huquqshunos-professor Nils Frenzen nazarida qaror tor mazmunli.

“Unda boshqa kasb litsenziyalarini olish yoki hukumatning boshqa imtiyozlari haqida hech narsa deyilmagan,” - deydi u.

Sud qarori Garsiaga, shuningdek, advokatlik firmasida ishlash imkonini ham bermaydi. Ammo, deydi Frenzen, u mustaqil ravishda mijozlarni himoya qilishi mumkin.

36 yoshli Garsia 2009-yilda universitetning yuridik fakultetini bitirgan. Sudning menga taalluqli qarorida gap ko’p, deydi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“Bundan keyin nafaqat immigrantlarga, nafaqat hujjatsiz odamlarga, balki mamlakatdagi ta’lim tizimidan ko’ngli qolib, hukumat o’z holiga tashlab qo’ygan ko’plab yoshlarga imkoniyatlar eshigi ochiladi,” - deydi u umid bilan.

21 yoshli talaba Luis Antezana sud hukmidan mamnun. U AQShga yetti yoshligida ota-onasi bilan ko’chib kelgan. Yuqori sinfda o’qiyotganida hujjatsiz ekanini anglab yetgan.

“Nihoyat xushxabar eshitdik. Hammasi yaxshi bo’ladi endi,” - deydi u.

Luis va unga o’xshaganlar federal hukumatdan universitetda o’qish uchun kredit olishga haqqi yo’q. U Los-Anjelesdagi Kaliforniya davlat universitetiga hujjatsiz talabalarga mo’ljallangan xususiy stipendiya olib kirgan. Talabalar qo’mitasida faol bu yigit kelajakda advokat bo’lmoqchi. Noqonuniy muhojirlarga yordam beraman, deydi Luis.

“Ko’plab odamlar yuz tutayotgan adolatsizlikni nihoyat men ham tushunib yetdim. Hayotimni o’zgartirmasam bo’lmaydi, dedim. Menga o’xshaganlarga yordam beraman. Bo’lajak farzandlarim bunday vaziyatga tushmasin, deyman”.

Huquq professori Nils Frezen Kaliforniya sudining qarori boshqa shtatlar sudlariga o’rnak bo’lishiga ishonmaydi.

“Ammo bu juda muhim qaror ekani shubhasiz. Boshqa shtatlar oliy sudlari undan qo’llanma sifatida foydalanishi mumkin,” - deydi u.

Mamlakatda millionlab noqonuniy muhojirlarning taqdiri mavhumligicha qolar ekan, Florida va Nyu-York shtatlarida ham advokatlik guvohnomasini olishni istagan yuridik fakultetning hujjatsiz bitiruvchilari ishlari ko’rilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG