Prezident Karimov AQSh yetakchi diplomatini qabul qildi


AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Robert Bleyk "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Robert Bleyk "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Robert Bleyk bugun Toshkentda O'zbekiston rahbari huzurida bo'ldi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, muloqotda asosan Afg'oniston va mintaqaviy xavfsizlik xususida gap ketgan. Hamkorlikni kengaytirish uchun tomonlar nima kerakligi ustida fikr almashilgan.

O'zbekiston terrorizmga qarshi kurash, chegaralarni mustahkamlash va qoradori savdosiga nisbatan zarur choralar ko'rishda Vashingtondan ko'proq yordam so'ramoqda, xususan harbiy vositalar.

Obama ma'muriyati mart oyida kuzatuvchi apparatlar, uchuvchisiz ishlaydigan robotsimon vositalar uzatishga qaror qilgan edi. Ayni damda vertolyotlar sotish masalasi muhokamada. Kongressning ayrim a'zolari ko'makni oshirish kerak degan fikrda. Masalan, respublikachi Dana Rorabaker yaqinda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda bu mavzuga oydinlik kiritib, harbiy sohada birga ishlash har ikki tomon manfaatlari uchun birdek xizmat qiladi, dedi.

Bleyk bugun Toshkentda yuqori lavozimli rasmiylar, jumladan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan ham uchrashdi. Yillik maslahat kengashini qachon o'tkazish va qay masalalarni ko'rib chiqish xususida kelishib olingan.

Vashington Karimov ma'muriyatini inson huquqlari bilan bog'liq ahvolni yaxshilash yo'lida dadilroq qadam tashlashga undab keladi. Bu safargi muzokaralarda ham shu mavzu ko'tarilgan.

Bleykning safari huquq faollari O'zbekistondan Xalqaro Mehnat Tashkiloti vakillarini respublikaga kiritib, paxta dalalaridagi vaziyatni kuzatishga yo'l oching deya so'rayotgan pallaga to'g'ri kelmoqda. Ayni damda Jenevada BMT Inson huquqlari kengashida ham respublikadagi ahvol muhokamada.

Bleyk Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida AQSh-O'zbekiston aloqalari va Vashingtonning mintaqadagi maqsadlari to'g'risida ma'ruza qilgan. Barqarorlik, iqtisodiy va ijtimoiy farovonlik yo'lida hissa qo'shish - Amerikaning ezgu niyati, deya qayd etgan.

Yetakchi diplomat nohukumat tashkilotlar vakillari, fuqaro jamiyati a'zolari va mustaqil faollar bilan qisqa suhbat qurgan. Vashington inson huquqlari va demokratiya targ'ibotini chetga surib qo'ymagan va bu borada harakatlarni davom ettiradi, degan Bleyk.

U kecha Ostonada Qozog'iston hukumati a'zolari bilan muzokaralar olib bordi, so'ngra Nazarboyev Universitetida talabalar oldida so'zladi. Bleyk u yerda ham fuqaro jamiyati a'zolari bilan uchrashdi.

Muzokaralar va davra suhbatlarida diplomat Qozog'istonni Vashingtonning muhim hamkori deb atagan.

Xavfsizlik sohasidan tortib savdo-sotiqqacha, yoshlar bilan ishlash va demokratik taraqqiyot bobida AQSh ko'makni ayamaydi, deydi Bleyk.

Obama ma'muriyati Ostona bilan yadroviy materiallar tarqalmasligiga qarshi yangi bitim imzolagan va bu borada hamkorlikni yanada kengaytirmoqchi. Atom chiqindilarini xavfsizlantirish - dolzarb masala, deydi rasmiylar.

26-aprel kuni Almatida "Osiyo yuragi" nomi ostida katta xalqaro anjuman ochiladi. Unda AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Vilyam Berns (William Burns) ishtirok etadi. Bleyk ham unda qatnashadi.

Yig'in asosan Afg'onistonga bag'ishlanadi va o'tgan yili Istanbulda boshlangan mintaqaviy tashabbusning davomi. Unga ko'ra, urushdan charchagan davlat atrofidagi mamlakatlar birgalikda yordamni oshirib, xavfsizlikni ta'minlash va iqtisodiy taraqqiyot yo'lida hamkorlikni kengaytirishi kerak.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG