Kongress: O'zbekiston bilan harbiy hamkorlik davom etaversin

  • Amerika Ovozi

Kongress - AQSh qonunchilik organi

Kongress - AQSh qonunchilik organi

Amerika rasmiylari deydiki, harbiy yordamdan maqsad - terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligini mustahkamlash va qoradori kontrabandasiga qarshi birgalikda chora ko'rish.

Qo'shma Shtatlar qonunchilik organi Davlat departamenti va Mudofaa vazirligiga O'zbekiston bilan harbiy hamkorlikni qisman davom ettirishga yana bir bor ruxsat berdi.

Inson huquqlari muntazam ravishda buziladi deya 2004 va 2005-yilda, xususan Andijon voqealari ketidan, Vashington Islom Karimov va uning ma'muriyatini keskin tanqid qilib, Toshkent bilan hamkorlikka cheklovlar qo'ygan.

Lekin Obama ma'muriyati Afg'oniston bobida bu hukumat bilan ishlashga majbur ekanini aytib, Kongressdan ikki yil oldin istisno tarzida imkoniyat so'ragan edi. Qonunchilar uzoq muhokama ketidan bunday hamkorlikka xo'p degan. Bu ruxsatning muddati 2013-yilning oktabr oyida bitdi.

Davlat departamentining tasdiqlashicha, shu kunlarda yangi ruxsat olingan.

Amerika rasmiylari deydiki, harbiy yordamdan maqsad - terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligini mustahkamlash va qoradori kontrabandasiga qarshi birgalikda chora ko'rish. Gap bu yerda harbiy asboblar, kuzatuv va tekshiruv apparatlari haqida ketmoqda. O'zbekistonga qurol berilayotgani yo'q, deydi diplomatlar.

Yangi ruxsat 2015-yilning 30-sentabrigacha bo'lgan davrni o'z ichiga oladi.

O'zbekistonning Amerikadan qanday harbiy vositalar so'rayotganini mana bu yerda yoritganmiz.

Amerikalik ekspert Joshua Kuchera (Kucera) tahlilicha, yuqoridagi qaror AQSh-O'zbekiston harbiy hamkorligi taraqqiy etmoqda yoki kengaymoqda degani emas. Xalqaro koalitsiya Afg'onistondan o'z aslahalarini asosan Pokiston orqali olib chiqmoqda. Markaziy Osiyodan o'tadigan Shimoliy Ta'minot Tizimi orqali harbiy vositalarning hatto 1 foizi ham olib chiqilmayapti, deya yozadi u Eurasianet.org sahifasidagi blogida.

Afg'onistonga zarur noharbiy yuk tashilgan bu tarmoq aslida Amerika va O'zbekiston orasida 2009-yildan beri olib borilgan asosiy hamkorlikdir, deya talqin qiladi Kuchera.

Kongress Davlat departamenti va Pentagondan O'zbekiston va qo'shni mamlakatlar bilan rishtalar haqida izchil hisobotlar talab qilmoqda. Ma'lumot nafaqat qonunchilarga, balki keng ommaga oshkor etilsin, deydi qonunchilar.

Islom Karimov va u boshliq tuzum tanqidchilari nazarida Amerika bilan hamkorlikdan oddiy xalqqa foyda yo'q. Afg'onistonga mol olib o'tilar ekan, tegishli biznes va sohalardan pul qilayotganlar korrupsiyaga botgan sistema boshida turgan odamlar, ya'ni amaldorlar.

Inson huquqlari tashkilotlari nazarida Amerika vaziyat yaxshilanishi uchun O'zbekistonga yetarlicha bosim o'tkazmayapti.

O'zbekiston hukumatining pozitsiyasi shuki, mamlakat to'g'ri yo'ldan ketmoqa, tashqi siyosatda ham, ichki siyosatda ham.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG