Amerikalik jurnalist: Muammo degani O’zbekistonda boshqa, AQShda boshqa ekan


Amerikalik jurnalist: Muammo degani O’zbekistonda boshqa, AQShda boshqa ekan

Amerikalik jurnalist: Muammo degani O’zbekistonda boshqa, AQShda boshqa ekan

Amerikalik taniqli jurnalist Joys Deyvis yangi yil oldidan bir necha kun Toshkentda bo’lib, O’zbekistonda insoniy qadriyatlar yuqori ekanidan ko’ngli to’lganini aytadi.

“Yoshi katta odamlarning hurmati joyida, mehr-oqibat yo’qolmagan”, - deydi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Joys Deyvis AQShda nomi chiqqan, qalami o’tkir jurnalistlardan. Intervyu oldidan u haqda ma’lumot yig’ib, jurnalistika, xalqaro hayot, Afg’oniston va O’zbekistonga doir maqolalarini o’qidim.

Rasmlariga ko’z yugurtirar ekanman, gapga chechan, aqlli, istarasi issiq, o’ktam, irodali qora tanli ayol ko’z oldimda gavdalandi.

Joys Deyvis

Joys Deyvis

Deyvis xonim Amerikada xalq ishonchini qozongan Jamoat Radiosida (NPR) muxbir bo’lib ishlab, bir necha yillar davomida Yaqin Sharq va Afrika davlatlaridan xabar uzatgan.

Shuningdek, AQSh xalqaro teleradio tizimining bir qismi bo’lmish “Ozodlik” radiosida ham xizmat qilgan.

Hozirda Pensilvaniya shtati poytaxti Xarrisburg shahrida Xalqaro masalalar kengashiga (Work Affairs Council of Harrisburg) rahbar. Bu idora amerikaliklarning tashqi dunyo haqidagi bilimini oshirishni maqsad qilgan.

Joys Deyvis muxbir sifatida Qirg’iziston, Afg’oniston va Pokistonda bir necha bor bo’lgan. Prezidentlar, bosh vazirlar, hatto toliblar bilan gaplashgan.

Lekin O’zbekistonda ilk bor safar qildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi taklifi bilan sakkiz kun mehmon bo’ldi. Nogiron kishilar huquqini himoya qilish, chekka qishloqlarga suv yetkazish, dehqonlarga yordam bobida targ’ibotni qanday olib borishni, internetda onlayn kurslarni tashkil qilishni o’rgatdi.

Deyvis bu tashrifi haqida bir necha maqola chop etmoqchi. Birinchi maqolasi dekabrda bosmadan chiqdi.

“O’zbekistonga borib kelib, o’z yurtim, hayotim, borimga shukr qildim”, - deb yozadi u. Nega? - deb so’rayman Joys Deyvisdan.

“Amerika hozir iqtisodiy tanazzulni boshidan kechirmoqda. Odamlar anavi ko’ylakni endi ololmayman, restoranga borolmayman deb oh-voh qiladi”, - deydi jurnalist.

Amerikalik jurnalist: Muammo degani O’zbekistonda boshqa, AQShda boshqa ekan

Amerikalik jurnalist: Muammo degani O’zbekistonda boshqa, AQShda boshqa ekan

U O’zbekistonda tirishib-tirmashib mehnat qilayotgan yigit-qizlarni ko’rdi.

“Nogiron bir yigit BMT loyihasiga ishga o’rnashib, 200 dollar maosh oladigan bo’ldi. Haligi bolaning boshi osmonda. Amerikadagi tashvish qayoqdayu, bu yigitning hayoti qayoqda”, - deydi mutaxassis.

Jurnalist o’z maqolasida yana ikki juvon taqdiri haqida yozadi.

Biri nogiron eri uchun pensiya undirishga urinayotgan 29 yoshli kelin. Erida tutqanoq kasali borligini to’ydan keyin bilgan. Lekin ayol uni tashlab ketishni xayoliga ham keltirmaydi.

“Yetimman, qayerga boraman”, - deydi bolali, og’iroyoq juvon Joys Deyvis bilan suhbatda.

Yoki bolasini kollejda o’qitaman deb qahraton qish, jazirama yozda fermada, molning tagini tozalab, sut sog’ib kun ko’rayotgan ayolni oling.

O’zbekistonda odamlar qiyinchlikni sabr-toqat, qanoat bilan yenga olayotganini ko’rgan amerikalik mutaxassis vataniga o’zgacha dunyoqarash bilan qaytganini aytadi.

Joys Deyvis fikricha Vashington O’zbekistondagi muammolarga ko’z yummoqda.

Amerikalik jurnalist: Muammo degani O’zbekistonda boshqa, AQShda boshqa ekan

Amerikalik jurnalist: Muammo degani O’zbekistonda boshqa, AQShda boshqa ekan

“Maqolalarimda demokratiya, erkinlik haqida gapiraman. Chunki bu nafaqat O’zbekiston, balki bugun region, dunyo uchun dolzarb masala. Lekin bir haftada shuni ko’rdimki, O’zbekiston hukumati BMT loyihalarini qo’llab-quvvatlamoqda. Chorvachilik, suv ta’minoti, vrachlar, muallimlarni o’qitish, nogironlar huquqi kabi yo’nalishlarda ancha faol harakat qilishayapti”, - deydi Deyvis.

O’zbekiston xalqiga mehri tushgan bu amerikalik nazarida, ishsizlik katta muammo. Respublika aholisining ko’pchiligi yoshlar ekan, ularni ilmli qilib, mehnat o’rinlari yaratish kerak.

Ko’pni ko’rgan jurnalist O’zbekiston va Amerika o’rtasida yana bir farqni aytib kuladi.

“Toshkentda yoshlar doim yordam berishga, qo’limdan yukimni olishga, joy berishga shay edi. Amerikada bu juda tanqis ne’mat. O’zbekiston xalqi juda mehnatkash, ochiq, samimiy odamlar ekanini, mamlakat taraqqiyoti uchun qattiq mehnat qilishga tayyor ekanini ko’rdim”.

XS
SM
MD
LG