Saylovdan so'ng AQSh-O'zbekiston aloqalarida o'zgarish bo'ladimi?


AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Tomas Shennon boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi Toshkentda, 29-oktabr, 2016-yil.

AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Tomas Shennon boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi Toshkentda, 29-oktabr, 2016-yil.

AQSh prezidentligi uchun saylovlar natijasi Markaziy Osiyo, jumladan, O`zbekiston bilan munosabatlarda ham o`zgarishlar qilishi mumkin. Sharhlovchilar Hillari Klinton Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni rivojlantirishga, Donald Tramp esa mintaqada Rossiya bilan hisoblashgan holda siyosat yuritishga e'tibor qaratishini taxmin qilishmoqda.

Mulohazalarga ko`ra, prezidentlik saylovida Tramp g`alaba qilgan taqdirda AQSh tashqi siyosatida inson huquqlari va demokratik qadriyatlar ustuvorligi yanada zaiflashadi. Klintonning prezidentlikka kelishi inson huquqlarini Markaziy Osiyo bilan hamkorlikdagi muhim masalalardan biri sifatida qoldirishi aytilmoqda.

O`zbekistonda siyosiy o`zgarishlar qilinishi, jumladan, inson huquqlariga oid vaziyat yaxshilanishi, demokratik qadriyatlarga o`tish masalasi hozirgacha, asosan, tashqi munosabatlarga, xususan, AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik rivojiga bog`lab kelinadi.

Respublikachi Donald Tramp va demokrat Hillari Klinton kurashayotgan AQSh prezidentligi sayovlari qanday natija bilan tugamasin, AQShning mintaqa bilan munosabatlarida inson huquqlari, demokratik qadriyatlar eng ustuvor yo`nalishga aylanishi kutilmayapti, ammo bu saylovlar AQSh tashqi siyosatida inson huquqlari masalasiga e`tibor kamayishi mumkinligi bilan bog'liq xavotirlar uyg`otgan.

Inson huquqlari himoyachilari AQSh prezidentligiga da`vogarlardan biri Donald Trampning musulmonlarga, muhojirlarga nisbatan bildirgan bayonotlarini ziddiyatli qabul qilishgan, ular Trampning saylovda g`alaba qozonishi inson huquqlarini AQSh tashqi siyosati uchun ahamiyatsiz masalaga aylantirishi mumkinligidan xavotir izhor qilishmoqda.

Inson huquqlarini himoyalashda ko`rsatgan fidoyiligi uchun AQSh hukumati mukofotiga sazavor bo`lgan faollardan biri, “O`tyuraklar” tashkiloti rahbari Mo`tabar Tojiboyeva bu haqda shunday deydi:

“Trampning aynan muhojirlarga nisbatan munosabati dunyoning turli davlatlariga sochilib ketgan o`zbeklarga, shu orqali mamalakatga ham salbiy ta'sir o`tkazadi. Trampning saylovda g`alaba qozonishi Markaziy Osiyo davlatlarida inson huquqlariga oid vaziyat og`irlashishiga xizmat qilishi mumkin. Men uning prezidentligida AQSh uchun Markaziy Osiyoda inson huquqlari jiddiy ustuvor bo`lishiga ishonmayman, chunki uning AQShdagi muhojirlarga nisbatan bayonotlari inson huquqlariga zid. O`z yurtidan panoh topmagan odamlarga nisbatan bunday munosabat insoniy qadriyatlarga to`g`ri kelmaydi”.

O`zbekistonlik musulmonlarni ham AQShga kiritmaslik yuzasidan bayonot bergan respublikachilar nomzodi Donald Tramdan farqli o'laroq, uning raqibi, demokratlar nomzodi Hillari Klinton O`zbekiston bilan bevosita tanish, hukumat rasmiylari bilan ham, fuqorlik jamiyati vakillari bilan ham muloqotda bo`lgan.

Ammo Klintonning O`zbekistonga tashrifi ham, fuqarolik jamiyati vakillari qilgan muloqoti ham u prezidentlikka kelgan taqdirda O`zbekiston bilan hamkorlikda inson huquqlarida jiddiy o`zgarishlar qiladi, deyishga asos bermaydi, deydi Tojiboyeva.

“Klinton O`zbekistonda bo`lganida fuqarolik jamiyati vakillari bilan rasmiyatchilik uchun uchrashuv o`tkazgan, ammo ular bilan inson huquqlari muammosini batafsil muhokama qilmagan edi. Klinton davlat kotibi bo`lgan paytda O`zbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlik qildi. Afsuski, bu hamkorlik inson huquqlarida aniq bir ijobiy siljishlar bilan kuzatilmadi. Bir tomondan hukumat inson huquqlari bo`yicha tanqid qilindi, boshqa tomondan esa qo`pol buzilish holatlariga kezi kelganda ko`z yumildi. Klinton prezidentlikka kelsa, shunday munosabat yana davom etadi”, - deydi Tojiboyeva.

AQSh prezidentligiga nomzodlarning tashqi siyosat bo`yicha bayonotlarida Markaziy Osiyo davlatlari tilga olinmaydi, ammo xalqaro maydondagi dolzarb muammolar bo`yicha bildirilgan munosabatlar bilvosita mintaqa bilan aloqalarga ham tegishli bo`ladi, deb hisoblanadi.

Donald Tramp Markaziy Osiyo bilan hamkorlikda, mintaqadagi geosiyosiy raqobatda AQSh ishtirokini Rossiya hisobiga cheklashi mumkin deb qaralmoqda. Hillari Klinton, aksincha, Rossiya bilan raqobatni kuchaytirar ekan, mintaqa bilan ham yaqindan aloqa o`rnatishga urinishi ta`kidlanmoqda.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan yozuvchi Safar Bekjonga ko`ra, o`zbek rasmiylarining Klinton bilan o`rnatgan aloqalari geosiyosiy manfaatlar ustunligiga qurilgan.

“Masalaga Hillari Klinton prezident bo`lsa, O`zbekistonga yaxshi bo`ladi deb qarash kerak emas. Ichki masalani tashqi bosim bilan emas, o`zimiz hal qilishimiz kerak, bunga hozirgi hokimyatning aqli yetishi kerak. Klinton bilan avvaldan aloqalar o`rnatilgan, jamg`armalar vositasida ham hamkorlik bor edi. Men umuman Hillari Klinton prezident bo`lsa, agar demokratik islohotlar bo`lmasa, siz bilan aloqlani uzamiz, deb O`zbekistonga shart qo`yadi, deb hisoblamayman”, - deydi u.

Huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyeva prezident kim bo`lishidan qat`i nazar, AQSh inson huquqlari go`yasiga, jumladan, bu borada O`zbekistondagi vaziyatga farqsiz bo`lmasligiga umid qiladi.

“O`zbekistondagi vaziyat bir tomondan inson huquqlari uchun keskin tanqidga olindi. Boshqa tomondan hukumat ochiq qo`llab-quvvatlandi, mamlakatda inson huquqlari bugungi ayanchli vaziyatga tushib qolishida dunyo siyosatchilarining bunday munosabatlarini ham o`rni bor”, - deydi u.

AQSh prezidentligi uchun kurashda kim g`olib bo`lishi 8-noyabr kuni o`tadigan saylovlardan so`ng aniq bo`ladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG