Breaking News

AQSh va Vyetnam harbiy hamkorlikni kuchaytirishi mumkin


AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Vyetnamga tashrif buyurdi.
AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Vyetnamga tashrif buyurdi.

Bir paytlar o’zaro dushman bo’lgan Vyetnam va AQSh harbiylari Xanoyda hamkorlik xususida gaplashmoqda. Janubiy Xitoy dengizida vaziyat tobora taranglashib borayotgan bir paytda tomonlar o’zaro aloqalarni yanada kuchaytirishni maqsad qilmoqda.

Xanoydagi uchrashuvda AQSh va Vyetnam mudofaa vazirlari urush qurbonlarini xotirlashdi. AQSh rasmiylari jang maydonida halok bo’lgan vyetnamlik askar kundaligini Xanoydagi hamkasblariga topshirib, evaziga ulardan Vyetnam urushida xizmat qilgan AQSh zobiti yozgan maktublarni oldi. Shuningdek, urush davrida bu yerda qolib ketgan AQSh askarlarining qoldiqlarini topish maqsadida uch yangi joyda qazish ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panettaning Singapurda mintaqaviy xavfsizlik mavzusida o’tgan yillik anjuman ketidan Vyetnamga tashrifi ikki mamlakat uchun ramziy ahamiyat kasb etadi. Panetta Vyetnam urushidan so’ng Kam Ran Bey tijorat portiga tashrif buyurgan birinchi oliy martabali AQSh rasmiysidir.

Panetta portdagi “Richard Bird” yuk kemasini ko’zdan kechirdi.

“Ushbu kemaning bu yerda, Kam Ran Beyda turgani va unga shu joydagi ishchilar tomonidan xizmat ko’rsatilayotgani, uni tuzatish ishlarining vyetnamlik do’stlarimiz tomonidan bajarilayotgani aloqalarimiz qanchalik yaqin ekanini ko’rsatuvchi omildir”, dedi Panetta.

Vyetnam noharbiy dengiz kemalarida kichik sozlash ishlarini olib borishga rozi bo’lgandan beri Amerikaning beshinchi kemasini ta’mirlamoqda.

Regional xavfsizlik bo’yicha mutaxassis, professor Karl Tayerning aytishicha, Panettaning Vyetnamga tashrifi Janubiy Xitoy dengizi hududida AQSh manfaatlari borligini ko’rsatadi.

“Xitoy AQShni begona deb, hududdagi ishlarga aralashmaslikka chaqiradi. Vyetnam esa Xitoyga qarshi AQSh bilan ittifoqdosh bo’lish o’rniga o’zi uchun eng ma’qul yo’lni tanlayapti: AQShga, “xavfsizlikni ta’minlashdan manfaatdormisan, marhamat, biz esa senga kemalaringni tuzatishga yordam beramiz”, deyapti”, deydi professor.

Singapurdagi anjumanda Panetta Qo’shma Shtatlar 2020-yilgacha harbiy kemalarining aksariyatini Tinch okeani hududiga ko’chirishi haqida e’lon qildi. Bu AQShning Osiyoga e’tiborni kuchaytirishga doir yangi strategiyaning bir qismidir.

Bu siyosat Xitoyga qarshi qaratilmagan, deydi Panetta, shunchaki yangi global muvozanatni yaratish yo’lidagi harakat.

Xanoyda jurnalistlar bilan gaplashgan Panettaning ta’kidlashicha, AQSh o’zini Tinch okeani davlatlari oilasiga mansub deb biladi hamda hududda tinchlik va farovonlik kuchayishini istaydi.

“Barcha davlatlar birdek amal qilishi lozim bo’lgan mushtarak tamoyil va qadriyatlarga egamiz. Biz bundan buyon ham doim xalqaro qonun-qoidalarga rioya qilishda davom etamiz”, dedi Amerika mudofaa vaziri.

Xitoy tabiiy qazilmalarga boy Janubiy Xitoy dengizi hududining aksariyat qismini o’ziga tegishli deb da’vo qiladi. So’nggi yillarda xitoylik baliqchilar va davlatga qarashli tadqiqot kemalari qo’shni davlatlar dengizchilari bilan bir necha bor hudud talashgan. Xitoy rasmiylariga ko’ra, AQSh bu ishlarga aralashmasligi kerak.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Panettaning Vyetnamga tashrifini tanqid qilmadi. Tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot kunning dolzarb masalalari ekanini ta’kidladi.

Vazirlik rasmiysi Lyu Veyminning aytishicha, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi Xitoy va AQSh manfaatlari bir nuqtada kesishadigan joydir. AQSh hudud aholisi, jumladan Xitoy xalqi manfaatlarini hurmat qiladi deb umid qilamiz, deydi rasmiy Pekin vakili.

Professor Tayerning aytishicha, Vyetnam va AQSh aloqalarni kuchaytirishdan ko’p narsa yutishi mumkin, ammo rishtalarning bu darajaga yetishiga hali ancha bor.

Vyetnam Mudofaa vaziri Fan Kvan Tan Qo’shma Shtatlar qurol savdosi bo’yicha Vyetnamga qo’yilgan taqiqni bekor qiladi, deya umid qilmoqda. Ammo professor Tayerga ko’ra, yaqin orada buning amalga oshishi mushkul.

“Amerika qurollari juda qimmat. Butunlay yangi texnologiya asosida yaratilgan. Rossiya, Ukraina va Belarusdan olinadigan qurollar bilan ishlash oson”, deydi professor.

Vyetnamda inson huquqlari holatiga doir e’lon qilingan AQSh Davlat departamenti hisobotida bu mamlakatga nisbatan mavjud siyosatni o’zgartirish tavsiya etilmaydi. Amerikada noyabrdagi prezident saylovlari arafasida Vashington-Xanoy munosabatlarida biror jiddiy o’zgarish bo’lishini kutish amri mahol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG