Vyetnam rahbarining Vashingtonga tashrifi boshlandi

  • Amerika Ovozi

Vyetnam prezidenti Chuong Tan Shang AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan. 24-iyul 2013.

Vyetnam prezidenti Chuong Tan Shang AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan. 24-iyul 2013.

Chuong Tan Shang AQSh va Vyetnam bundan 20 yil avval aloqalarini yaxshilaganidan buyon Oq Uyga tashrif buyuraotgan ikkinchi Vyetnam rahbaridir. Payshanba kuni u AQSh prezidenti bilan savdo-sotiq, Xanoyning Xitoy bilan aloqalari hamda Vyetnamda inson huquqlari atrofidagi ahvolni muhokama qiladi.


Xitoydan keyin Qo’shma Shtatlar Vyetnamning ikkinchi eng yirik savdo hamkoridir. Bu mamlakatning AQSh yetakchiligidagi erkin savdo makoni – Trans-Tinch okeani hamkorligi tashkilotidagi ishtiroki muzokaralardan alohida o’rin egallashi kutilmoqda.

Vyetnam aholisini, asosan, yoshlar tashkil etadi. Iqtisodiy qudrati oshib borayotgan bu davlat AQSh kompaniyalari qiziqishini uyg’otayotgani shubhasiz. O’tgan hafta AQShning eng yirik oziq-ovqat kompaniyalaridan biri Macdonalds (McDonald's) mamlakatda o’z restoranini ochishini e’lon qildi.

Xanoydagi matbuot konferensiyasida Vyetnam tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Luong Tan Ngi ikki tomonlama aloqalar 1995-yildan buyon chuqurlashganini aytdi.

“AQSh va Vyetnam tenglik, o’zaro hurmat va umumiy foydaga asoslangan do’stona va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirmoqda,” – dedi Xanoy rasmiysi.

Ammo Vashington xavotirlariga sabab bo’layotgan masala – Vyetnamda inson huquqlarining toptalishi. “Human Rights Watch” tashkiloti bu o’lkada 2013-yilda o’tgan yilga qaraganda diniy yetakchilar, dissident va bloggerlarning qamalishi hollari ko’payganidan ogohlantiradi.

Hukumatni tanqid qilgan huquqshunos va blogger Lekvok Xvan ustidan sud shu oy boshida ortga surildi. Yana bir blogger Dyu Key qamoqda ochlik e’lon qilgan. Uning salomatligi yomonlashgani aytilmoqda.

Vyetnamlik faol Trin Kim Tyen inson huquqlari AQSh-Vyetnam muzokalaridan alohida o’rin egallashiga umid qilayotganini aytadi.

“Prezident Obama blogger Dyu Key ahvoliga ilgari ham e’tibor qaratgan. Bu safar ham unga va oilasiga yordam berish uchun harakat qilishi kerak”, - deydi faol.

Mudofaa masalalari bo’yicha mutaxassis, professor Karl Teyerga ko’ra, hozirda AQSh Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga nisbatan siyosatini qayta ko’rib chiqmoda.

“Fikrimcha, agar Amerika faqat inson huquqlari haqida gapirsa, Vyetnam bilan strategik aloqalar rivojlanishiga umid qilmasa ham bo’ladi. Chunki ikki tomonlama munosabatlarni belgilaydigan omillar ko’p – xavfsizlik, dengizdagi vaziyat, Vyetnamning Xitoy bilan yaqinlashuvi va boshqalar”, - deydi tadqiqotchi.

Xalqaro sahnada Vyetnam AQSh va Xitoy o’rtasida muvozanatni saqlab kelishga harakat qiladi, xususan, Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy mojarolari yuzasidan.

O’tgan oy Pekinda Xitoy va Vyetnam rahbarlari hududiy mojarolarni hal etish uchun bevosita tezkor aloqa o’rnatishga kelishib oldi.

Ammo kuzatuvchilar fikricha, Xanoyning Pekin bilan munosabatlarida muammolar yo’q emas.

Iste’fodagi diplomat va Vyetnam bo’yicha mutaxassis Devid Braunning aytishicha, ikki taraf o’rtasidagi aloqalar 2011-yil oktabr oyidan buyon, ya’ni orollar ustidan tortishuvlar hal bo’lmagandan beri oldinga siljimayapti.

“Bundan bir yarim yil avval Xitoy Parasel orollari haqida muzokara o’tkazishga rozi bo’lgan edi. Bu orollarni Vyetnamga qaytarib berish uchun emas, Vyetnamga ulardan foydalanishga ruxsat berish haqida. Vyetnam rasmiylari ham keling, gaplashamiz, degandi o’shanda. Lekin muzokaralar amalga oshmadi”, - deydi sobiq diplomat.

Braunga ko’ra, Parasel orollari ustidagi tortishuvlar tufayli AQShning mintaqada muhim rol o’ynash imkonlari oshdi, chunki Vyetnam va boshqa kichik mamlakatlar Vashingtonni Pekin bilan bellasha oladigan yagona kuch, deb ko’radi.

AQShning mintaqadagi boshqa hamkorlari, Filippin va Singapur bilan aloqalari mustahkam ekan, Vashington Vyetnamga qo’shin kiritish orqali Xitoyning jig’iga tegishni istamaydi. Shu bois AQSh inson huquqlari borasida Vyetnamga bosim ko’rsatishga qodir va tayyor bo’lishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG