AQShda jinoyatlarga qarshi kurashdagi yangi uslublar

  • Amerika Ovozi

AQShning ayrim shaharlarida qotilliklar ko’paygan. Shu yilning birinchi yarmida bunday jinoyatlar ayrim hududlarda o’rta hisobda 20 foizga oshgan. Nyu-Jersi shtatining Nyuark shahrida jinoyatlarga qarshi kurash turli jabhalarda olib borilmoqda.

“Spirtli ichimliklar do’koni oldida har kuni aylanib yurardim”.

Bernard Barns hayotining qora kunlari haqida bemalol gapiradi. Kokain sotgani, har kuni o’q yemaslikka harakat qilib yashagani haqida.

“Bir yigitning yonida turganimda o’q shundoq yuzim oldidan uchib o’tganu unga tekkan. Yigit ko’z oldimda jon bergan,” – eslaydi u.

Yetti yil o’tgach Barns Nyu-Jersi shtatining Nyuark shahriga, o’zi ulg’aygan mahallaga qaytdi. Narkotik va spirtli ichimliklarni tashlagan. Narkomanlar va jinoiy to’dalar a’zolari bilan ishlaydi, ularni to’g’ri yo’lga qaytaradi.

“Mahallamdagilar uchun o’rnak bo’lay deyman. O’rnak deganida ilgari ko’chada yurgan, egri ishlar qilgan, lekin keyinchalik to’g’ri yo’lga o’tganlarni nazarda tutaman. Bunday odamlar boshqalarga yordam berishi kerak,” – deydi u.

“O’smirlar birgalashib, jamiyatga foyda keltirishni istaydi,” – ishonadi Nyuark meri Ras Baraka.

Bir yil avval lavozimga saylanganidan buyon u jinoyatchilikni kamaytirish ustida ishlamoqda. AQShning boshqa shaharlari kabi Nyuarkda ham so’nggi olti oy ichida qotilliklar 10 foizdan ko’proqqa oshdi. Yaqinda 24 soat ichida shaharda besh odam o’ldirildi.

“O’zingga e’tibor qaratish uchun Amerikada birovni kallasidan otib o’ldirishing kerak. Shunda televideniyeda ham ko’rsatishadi, gazetada ham sen haqingda yozishadi,” – deydi mer.

“Muammo shundaki, odamlar umidini yo’qotgan. Muvaffaqiyatga erishishiga ishonmaydi,” – deydi Altarik Uayt.

U Nyuarkning jinoyatlar eng ko’p bo’lgan mahallalarida “Umid markazi”ni boshqaradi. Bu yerda yoshlarga psixologik maslahat beriladi, ular o’qish va ish topishda ham yordam oladi.

“Ularni qamash bilan ish bitmaydi, muammo hal bo’lmaydi. Yoshlarga imkoniyatlar yaratishimiz kerak. Hayotini yaxshilashda yordam berishimiz kerak,” – deydi u.

Nyuarkdagi yana bir tashkilot o’qishni tashlab ketganlarga maktabni bitirishda yordam beradi. Jasmin Barnet jinoiy faoliyat yagona yo’l emasligini yoshlarimiz bilsin, deydi.

“Ha, men bu bolalar uchun o’rnak bo’lishni istayman. Har bir odam o’zgara olishiga ishonaman. Men o’zim o’zgara olmayman, degan vaqt ham bo’lgan. Lekin ba’zida o’zgarish uchun bir odamni uchratish kifoya,” – deydi u.

Bernard Barns vaziyatni o’zgartira olishiga ishonadi.

“Bu mahallaga kelishdan, boshqalarga yordamlashishdan cho’chimaslik kerak. Bu yerdagi bolalar umid bilan yashasin. Biz esa bunda yordamlashamiz,” – deydu u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG