Breaking News

AQSh: Saylov, saylovchi va shaxsiy guvohnoma


AQShda ayrim fuqarolar noyabrgi saylovlarda ovoz bera olmasligi mumkin. Gap shundaki, aksariyat shtatlarda saylov uchastkasiga kelgan odamdan shaxsiy guvohnoma talab qilinadi. Amerikaliklar orasida haydovchilik guvohnomasi yoki davlat idorasi tomonidan berilgan fotosuratli boshqa hujjati bo’lmaganlar ko'p.

Barak Obama 2008-yilda prezident etib saylanganidan buyon saylovda hujjat talab qiladigan shtatlar soni 11 taga ko’paydi va 33 taga yetdi. Bu aholining 60 foizi degani.

Qonun tarafdorlari hujjat talab qilinsa, ovoz berishda soxtalashtirish hollarining oldi olinadi, deydi.

"Boshqa odam nomidan ovoz berish, boshqa ism-sharif ostida ovoz berish, bir necha marta yoki bir necha shtatda ovoz berish yoki qonuniy maqomga ega bo’lmagan immigrantlarning ovoz berishi hollariga chek qo'yiladi”, - deydi Virjiniya va Florida shtatlarining sayov komissiyalarida ishlagan Don Palmer.

Saylovdagi ishtirok

Federal saylov komissiyasiga ko’ra, 2012-yilgi prezident saylovlarida 129 million odam qatnashgan, ya’ni ovoz berish huquqiga ega aholining 55 foizi. 2008-yilda bu ko’rsatkich 58 foizga teng edi.

San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti olimlari shu yil boshida o’tkazgan izlanishda aniqlanishicha, hujjat talab qilish haqdagi qonunlar fuqarolarning saylovlarda qatnashishiga ta’sir qilmaydi.

Biroq bunday qonunlar ispanzabon amerikaliklar, afro-amerikaliklar va irqi aralash odamlarning saylov uchastkalariga bormasligiga sabab bo’ladi.

Hujjat talab qilinadigan saylov uchastkalarida saylovchilar kamaymaydi, ammo oq tanlilar va boshqa irqlarga mansub odamlar orasidagi tafovut kattalashadi, deyiladi hisobotda. Chunki oz sonli guruhlar vakillari, kambag’allar va yoshlar orasida hujjatsizlar ko'p.

Fuqarolarning fotosurati tushirilgan rasmiy hujjat olmasligiga turli sabablar turtki bo’ladi. Ayrimlarning tug’ilganlik haqidagi guvohnomasi yo’q, boshqalar hujjat beruvchi idoragacha bora olmaydi, yana ayrimlar ishidan javob so’rab, hujjat olishga borishni istamaydi, ayniqsa soatbay ishlaydiganlar.

Ovoz berish huquqi

2012-yilda Bosh prokuror Erik Xolder ovozlarni soxtalashtirishni kuzatish kerakligiga urg’u bersa-da, amerikaliklar eng asosiy konstitutsiyaviy huquqidan judo qilinmasligi kerak, deb aytgan edi.

“Amerika tarixida doim saylovchilarning ko’payishi kuzatilgan. Bu xalqimizni kuchli qiladigan omillardan biri. Tarixiy progressni ortga qaytarmaymiz-ku, axir”, - degan edi rasmiy.

Qonun tanqidchilari hammadan hujjat talab qilish xarajatli jarayon, ovozlarni soxtalashtirish hollari esa juda kam uchrashiga e’tiborni qaratadi.

2012-yilgi saylovdan oldin Jastin Levitt bunday hollar “nihoyatda kam” deb yozar ekan, “so’nggi yillarda bir necha bunday hol kuzatildi, ayni vaqtda yuz millionlab odamlar ovoz berdi”, degan edi.

Ba’zi shtatlarda saylovchilardan davlat idorasi tomonidan berilgan hujjat o’rniga shaxsni tasdiqlovchi boshqa qog’oz talab qilinishi mumkin, chunki rasmiylar fuqarolar orasida hujjati bo’lmaganlar kam emasligini e’tirof etadi va ularga eng asosiy konstitutsion huquqdan foydalanishga to’siq qo’ya olmasligini ham yaxshi biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG