Afg’oniston va Iroqdagi urushlarga yana 37 milliard dollar ajratildi


AQSh Afg’oniston va Iroqdagi urush xarajatlarini qoplash uchun yana 37 milliard dollar ajratmoqda. Qonun loyihasiga Kongressning har ikki palatsi ovoz bergan va uni endi prezident Obama imzolaydi.

Pulning katta qismi Afg’onistondagi qo’shin sonini 30 mingga oshirish uchun sarflanadi. 2001 yildan beri AQSh ikki urushga bir trillion dollardan oshiq mablag’ ajratgan.

Qizig’i shundaki, urush xarajatlariga doir qonun loyihasiga qarshi ovoz berganlarning askariyati demokratlar, Obamaning safdoshlari.

Kongressmen Dennis Kusinich deydiki, “Amerikaning o’zida bir dunyo muammo bo’la turib, Afg’oniston va Pokistondagi layoqatsiz hukumatlarga xazinadan doimo pul topiladi. Mablag’ qanday sarflanishi ustidan nazorat juda sust. Amerika puliga sotib olingan qurol-aslaha bilan jangarilar amerikalik zobitlarni o’ldiryapti”.

Yuzdan ortiq demokrat loyihaga qarshi ovoz bergan. Ularning aytishicha, Afg’onistonda o’tgan yili joriy etilgan yangi strategiya ish bermayapti.

Yaqinda internetda chop etilgan minglab maxfiy hujjatlar bu xulosani tasdiqlayotgan ko’rinadi. Jang maydonidan to’plangan hisobotlarda ahvol ayanchli deb tasvirlangan: so’nggi yillarda Tolibon ancha oyoqqa turib oldi; ular qo’lida zamonaviy qurollar bor; Pokiston razvedkasi jangarilarni zimdan qo’llab-quvvatlayapti.

Oq uy, AQSh qo’mondonlari hamda Afg’oniston va Pokiston hukumatlari bu hujjatlar ommaga taqdim etilganini qoralamoqda.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, bu materiallarda umuman olganda yangi bir narsa yo’q.

“Jang maydonida sharoit o’gir ekani avvaldan ma’lum edi. Shuning uchun yangi harbiy strategiyani joriy etib, uni amalga oshirishni Amerikaning eng sara generallariga topshirganman”, - deydi prezident.

Tahlilchilar fikricha 9 yillik urushga yakun yasashning bir yo’li – Tolibon bilan muzokara. Ertami-kechmi, ham AQSh, ham afg’on hukumatlari bu jarayonga jiddiy kirishishi, jangarilar bilan murosa qilishi kerak bo’ladi, deydi ular.

XS
SM
MD
LG