AQSh harbiy kemasi Janubiy Xitoy dengiziga kirdi

  • Amerika Ovozi

"Uilyam P. Lourens" harbiy kemasi

"Uilyam P. Lourens" harbiy kemasi

Qo’shma Shtatlar seshanba kuni Janubiy Xitoy dengizida Xitoy o’ziniki deya da’vo qilayotgan Yunshudao oroli tomon harbiy kema yubordi. Mintaqadagi yana bir necha davlat Xitoy bilan bu va atrofdagi boshqa orollarni talashib keladi.

Pentagon matbuot kotibi Bill Urbanning aytishicha, Qo’shma Shtatlar bu harakati bilan Pekin da’volarini tan olmasligini bildirdi.

"Haddan ziyod da'volar xalqaro qonunlarga ziddir. Xususan, Dengiz konvensiyasi qonuniga. Bu AQSh va boshqa davlatlarning dengizda harakatlanish huquqini cheklaydi”, - deydi Pentagon rasmiysi.

Xitoy bunga g’azab bilan javob berdi. Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Lu Kan Xitoy suvlariga kirgan kema qonunni buzganini va, shuningdek, mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotganini ta’kidladi.

“Xitoyning tegishli idorasi kemani qonun doirasida kuzatib, uni ogohlantirmoqda. AQShning bu harakati Xitoy suvereniteti va xavfsizligiga tahdid solmoqda, orolda ishlayotgan mutaxassislarimiz hayotiga xavf tug’dirib, mintaqa tinchligi va barqarorligiga zarar yetkazmoqda. Biz Xitoy suvereniteti va xavfsizligini ta’minlash uchun zarur choralarni ko’ramiz”, - dedi rasmiy.

Xitoy Yunshudao orolida samolyotlar uchun uchish va qo’nish yo’lagi hamda boshqa harbiy inshootlar qurib bitkazgan.

Rasmiy Pekin hech kimning erkinligini cheklamayotgani va mojarolar aslida jiddiy emasligini ta’kidlab keladi.

AQSh hududga so’nggi bir yilda uchinchi bor harbiy kema yubormoqda. Qo’shma Shtatlar orollarga da’vo qilmasa-da, Xitoy bilan bu borada tortishayotgan Filippin, Vyetnam, Malayziya, Tayvan va Bruneyni qo’llab-quvvatlab keladi, ayrimlari bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG