Breaking News

Amerika poytaxtida boshpanasiz oilalar ko’p


Vashingtondagi uysizlar/WASHINGTON HOMELESS FAMILIES
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:42 0:00

Vashingtondagi uysizlar

Poytaxt Vashingtonda uy-joysiz qolgan fuqarolar ko’paygan. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, shaharda mingdan ziyod boshpanasiz oila, shu jumladan 1800 bola bor. Bu raqam 2008-yilda iqtisodiy inqiroz boshlanganidan buyon 75 foizga oshdi. Vaqtincha boshpana beradigan maxsus yotoqxonalarda joy yetishmayapti.

Vashingtondagi uysizlar/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:11 0:00
Yuklab oling

Markaus Skeyls uyidan ayrilganiga bir yil bo’ldi. To’rt yoshli qizi Seyhay bilan bepul boshpana beradigan “DC General” yotoqxonasida yashaydi.

“Qizimga “hammasi yaxshi bo’ladi”, deb qayta-qayta aytishimga to’g’ri keladi. U juda ko’p yig’laydi, ayniqsa kechasi. Menga yopishib oladi. Ba’zida yonimda, quchog’imda uxlaydi, ba’zida esa ssal o’ziga kelib oladi”.

Seyhay har kuni bolalar bog’chasiga, otasi esa kollejga o’qishga boradi. Skeyls psixologiya sohasini tanlagan.

“DC General” - eski kasalxona. Hozirda 286 ta oilaga boshpana. Kuni bilan xonalar bo’m-bo’sh, bolalar bog’cha yoki maktabda, kattalar ishda yoki ish qidirish bilan band. Yaqinda bu yerda hasharotlar ko’paygani va sanitariya-gigiyena sharoitlari yomonligi haqida mahalliy axborot vositalari katta materiallar berdi.

“Oilalar uchun bu yerdagi sharoit mukammal emas, lekin ko’chadagidan yaxshiroq”.

Amber Xarding Vashington yuridik klinikasida huquqshunos, uysiz qolgan odamlarga uy-joy, boshpana topishda yordam beradi, boshqa xizmatlar ham ko’rsatadi.

Poytaxtda 1200 dan 3000 gacha uysiz qolgan bola bor, deydi Xarding. Ko’pincha bunday oilalar tunash uchun xavfsiz joyni har kuni qidirishga, bir joydan boshqasiga ko’chishga majbur.

“Qonunga ko’ra, Vashington ma’muriyati uysiz oilalarni havo harorati nol darajadan pastroq bo’lganidagina boshpana bilan ta’minlashi kerak. Agar havo biroz isisa, hokimiyat bunday majburiyatga ega emas. Vaholanki, ko’chada yotishning iloji yo’q, muzlab qolish hech gap emas. Uysiz odamlar avtobus va metro stansiyalarida tunashga majbur bo’ladi,” deydi Amber.

Sharlis Baltimor yetti oy davomida olti bolasi bilan boshpanasiz odamlar yotoqxonaning bir xonasida yashagan. So’ngra maxsus davlat dasturiga binoan bu oilaga uy ajratildi. Baltimor har oy topgan pulining 30 foizini ijara uchun to’laydi.

“Shunaqa xursand bo’ldimki... Men qo’limda kalit bilan bolalarimni maktabdan oldim-da uyni ko’rgani keldim. Yo’l-yo’lakay “oyijon, qayerga ketyapmiz”, deb so’rashdi. Uyga kirganimizda “bu uy kimniki”, deb qiziqishdi. “Bizniki”, desam, “bizniki?” deb hayratga tushgani hech esimdan chiqmaydi. “Ha, asaltoylarim, bu uy endi bizniki”, dedim. Yugurib kirib, hammayoqni tomosha qilishdi”.

Lekin kambag’al oilalar uchun uy-joy topish oson emas. Hatto yotoqxonadan vaqtincha boshpana topish amri mahol.

Deyvid Berns - shahar ma’muriyati rasmiysi. Mer Vinsent Grey uysiz odamlar uchun millionlab dollar mablag’ ajratgan, natija yomon emas, deydi u.

“Odamlarning vaqtincha yotoqxonada turish muddati qisqardi. O’tgan yilga qaraganda bu yerda yashaydigan odamlar soni kamaydi. Demak, olib borilayotgan siyosat samara beryapti”.

“DC General” yotoqxonasida esa Markaus Skeyls boshpanasiz oilalarga o’qish va kasb o’rganish imkonlari ham yaratilsin, deydi. O’zi esa ko’p o’tmay bu yerdan chiqib ketishga umid qilmoqda.

“Umid yo’qolsa, hammasi tugaydi. Menda umid qilishdan boshqa chora yo’q. Umid - katta gap, chunki har tongda turib, nima qilsam, ahvolim yaxshilanadi, deb o’ylayman. Qiyinchiliklarim tugasin, boshqa qaytarilmasin, deyman”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG