Vashingtonda endi dorivor marixuana sotib olish mumkin

  • Amerika Ovozi

AQShning 20 shtati hamda poytaxt Vashingtonda marixuana, ya’ni nashani tibbiy maqsadda iste’mol qilish ruxsat etilgan. Ammo buning atrofidagi bahslar davom etmoqda. Federal qonunchilik marixuananing salomatlik uchun foydasi yo’q, geroin kabi jiddiy narkotik, deya mahsulotni man etadi. Vashingtonda Tibbiy marixuana dasturining qonuniy tus olishi 12 yil vaqt talab qildi. Yana uch yil uning amal qila boshlashiga ketdi. Ammo hozircha dastur ishtirokchilari kam.

Adam Bartli dori sotib olishga ketyapti. Yillar davomida marixuanani qora bozordan xarid qilgan. Endi bemalol dorixonaga borishi mumkin.

“Men yoki boshqa bemor qo’ng’iroq qilib, so’ngra bu yerga kelganda, bizni xavfsizlik xodimi kutib oladi va hujjatlarni tekshiradi. Davlat bergan va tibbiy marixuana sotib olish uchun sog’liqni saqlash vazirligi chiqargan hujjatlarni ko’radi,” - tushintiradi u.

Jeff Kan dispanser egasi. Shaharda to’rtta dispanser ochishga ijozat berilganidan keyin uch yil guvohnoma uchun kurashdi. Dokument nihoyat qo’liga tekkach, ishni boshladi. Hozircha bemorlar kam. Lekin asosiysi bu emas, deydi Kan.

“Biz odamlar nima sotib olayotganini yaxshi bilsin, deymiz. Salomatligi uchun foydali dori xarid qilsin va qo’rmay uni iste’mol qila olsin,” - deydi u.

“Men VICh virusini yuqtirganimga 23 yil bo’ldi. Boshida SPID ham orttirganman. Turli-tuman dorilar ichganman. Aksariyati qorinni og’ritadi, ishtahani bo’g’ib, ko’ngilni aynitadi,” - dardlashadi Adam.

Vashingtonda tibbiy marixuana iste’mol qilish mumkin. Ammo federal qonunlar buni hali ham man etadi.

“Tibbiy marixuana dasturi boshdan oxirigacha kuzatiladi. Bir grammidan tortib savdogacha - hammasi xatlab, tasmaga tushiriladi,” - deydi Kan.

Nashaga yetishish uchun ruxsatnoma olish ham oson emas.

“Sog’liqni saqlash vazirligiga elektron xat yozasiz. Uzundan-uzoq arizani printerdan chiqarib, to’ldirish kerak. Turli hujjatlar, pasport uchun fotosurat ham talab qilinadi. Ustiga-ustak 100 dollar pul to’laysiz,” - deydi Adam.

Eng avvali esa bemorga saraton, VICh, SPID, glaukoma yoki mushaklarning beixtiyor tortilishi deya tashxis qo’yilgan bo’lishi shart. Ayni vaqtda shifokor sizni dasturga tavsiya etib, yana bir uzun savolnomani to’ldiradi. Doktor Sakiliba Mayns boshida dasturga ehtiyotkorlik bilan yondashdim, deydi:

“Boshqa shtatlarda bemorga tavsiya berilgach, u bir yilga yo’qolib ketishi mumkin. Doktor oldiga ikkinchi kelmaydi. Biz unday qilolmaymiz. Bu yaxshi tibbiy amaliyot emas”.

Doktor Robert Dyupon masala yuzasidan maslahat berib keladi. Dorivor marixuana afzal-ku, uni tamakiday chekib yurishmaydi boshqa, deydi u. Vashingtonda mavjud qoida to’g’ri, uningcha:

“Haqiqatan ham og’ir kasal bo’lgan va boshqa dorilarni sinab ko’rgan bemorlarga kichik miqdorda marixuana berish, boshqalarga esa uni sotmaslik - bu to’g’ri siyosiy qaror deb o’ylayman”.

Vashingtonda 28 bemor dorivor marixuanani sotib olish huquqiga ega bo’ldi. Dastur davom etishi uchun bemorlar ko’payishi kerak. Bugun 10,5 gramm nasha uchun bemor 200 dollar to’laydi. Tibbiy sug’urta xarajatni qoplamaydi. Biroq Adam dorini qonunan sotib olayotganidan mamnun.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG