Daryoni chiqindidan tozalaydigan charxpalak

  • Amerika Ovozi

Daryo va ko’llardagi axlat – jiddiy ekologik muammo. AQShning Merilend shtatidagi Baltimor shahrida bu muammoga oson bir yechim topildi. May oyida ishga tushirilgan charxpalak yordamida daryo axlat va chiqindilardan tozalanmoqda.

Baltimor bandargohidagi Jons Foll daryosiga g’alati qurilma o’rnatilgan. U har yili yog’ingarchilik ketidan daryoga quyiladigan chiqindi va axlatlarni tozalashga xizmat qiladi. Uni qurishga homiylik qilgan “Baltimor sohili hamkorlari” nomli tashkilot xodimi Adam Lindkvistga ko’ra, suvni tozalashning eng yaxshi yo’li shu.

“Sel yoki yomg’irdan keyin Baltimor bandargohiga ko’p axlat oqib keladi. Ba’zida shu qadar kop bo’ladiki, axlat ustida hatto yurish mumkindek tuyuladi”, - deydi u.

Axlat va chiqindi to’planib, tepaga ko’tariladi, so’ngra konveyer orqali axlatxonaga tashlanadi. Axlatxona ham suv ustidagi qayiqda joylashgan. Uni qirg’oqqa tortib chiqarish mumkin. So’ng axlat elektr quvvati olish uchun yoqiladi.

Ilgari axlatni qayiqlarda o’tirgan odamlar to’r bilan yig’ib olardi. Hozir esa bu ishni charxpalak bajaradi. Charxpalak ixtirochilaridan biri Deniel Cheyzning aytishicha, yangi moslama yordamida kuniga 45 000 kubometr axlat yig’ish mumkin.

“Suvda bir parcha axlatni quvish o’rniga suv boshida turib hammasini biryo’la yig’ib olamiz”, - deydi u.

Cheyzga ko’ra, axlatni chelaklarga tashlamasdan ko’chada qoldirib ketadigan odamlar ko’p.

“Baklashkalar, plastik idish-tovoqlar bor”, - deydi u.

Charxpalak daryo suvi, zarurat tug’ilganda esa, quyosh batareyalari yordamida aylanadi.

“U suv evaziga ishlaydi, ya’ni daryo oqimi uni harakatga keltiradi yoki biz unga suv quyamiz. Suv parraklarni aylantiradi”, - deydi Cheyz.

Charxpalak yordamida suv sifati ham yaxshilanadi, chunki aylangan suvda kislorod ko’payadi.

Bunday moslamalarni dunyoning istalgan joyida ishlatish mumkin, ammo muammoning yechimi charxpalak emas, deydi Cheyz.

“Haqiqiy yechim charxpalak emas, balki axlat tashlamaslik. Bunga qanday erishish mumkin? Bolalarni shunga o’rgatish kerak”, - deydi u.

Lindkvist ham shu fikrda.

“Maqsadimiz charxpalakni ishlatishga chek qo’yish. Albatta, buning uchun odamlar ongini, axloqini o’zgartirish kerak. Agar odamlar qo’lidagi axlatni faqat maxsus chelaklarga tashlasa, charxpalakka hojat qolmaydi”, - deydi u.

Lindkvistga ko’ra, charxpalak yana bir maqsadga erishish imkonini beradi: 2020-yilga borib bu yerda bemalol cho’milish mumkin bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG