Ob-havoni o'rganishningi yangi uslublari

  • Amerika Ovozi

Kanzasda ishlayotgan Doppler radari. 19-may, 2013.

Kanzasda ishlayotgan Doppler radari. 19-may, 2013.

Bugun meteorologlar ob-havoni o’rganishda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanadi. Sun’iy yo’ldosh, radar, katta balandlikka uchadigan sharlar va kompyuterlar yordamida to’fon va dovullarni aniqroq bashorat qilsa bo’ladi. AQShning Kolorado shtati, Bolder shahridagi Anomal ob-havoni o’rganish markazi olimlari shiddatli to’fonlar qanday shakllanishini o’rganmoqda.

Anomal ob-havoni o’rganish markazi direktori Joshua Vurman uyurma ortidan quvadi.

“Dovul yaqinlashishini kutib o’tirmaymiz. Yaqiniga borib, ma’lumot to’plashimiz kerak”.

Vurman ilmiy jihozlarga to’la mashinalar, jumladan, ob-havoni o’rganadigan va havoda uchayotgan jismlarni aniqlay oladigan Doppler radarini boshqaradi. Mashina ichida o’tirib, radardan olingan suratlarni sinchiklab tekshiradi.

“Shamol, jala yoki bo’ron oqibatida havoga ko’tarilgan jismlarni kompyuter ekranida ko’rib turaman. Hammasi 3-D formatida ko’z oldimizda muhayyo”.

Vurman birinchi bo’lib Doppler radarini g’ildirakka o’rnatdi. 1990-yillardan buyon 200 ta tornado bilan yuzlashgan. Mobil laboratoriyaning ustunligi shundaki, tiniq suratlar olish mumkin.

“Shamol nega o’ralib harakat qiladi? Qor, yomg’ir yoki do’l unga ta’sir qilishi, yuqoriga yoki pastga haydashini o’rganamiz. Issiq va sovuq havo quyun hosil bo’lishida qanday rol o’ynaydi? Shularni aniqlash kerak”.

Girdibod kutilayotgan joyda mana bunday uskunalar ham o’rnatiladi: radarga tushmagan ma’lumotni to’plash uchun. Bu ma’lumotdan mustahkam binolar qurishda foydalansa bo’ladi, deydi olim.

“Shamol inshootlarni qanday yemirishi haqida ko’proq bilishimiz kerak. Binolar buzilganda qoldiqlari shamolda uchadi va qanday xavf tug’diradi?”

Olimlar bo’ronlarni boshidan oxirigacha kuzatib, grafiklar tuzib chiqadi. Qaysi biri quyunga aylanadiyu, qaysi biri asta-sekin tugab ketadi? Joshua Vurman Doppler radari yordamida dovul va to’fonlarni ham o’rgangan. Luizina shtatida, okean sohilida joylashtirilgan Doppler 2008-yilda Gustav dovuli o’lchovlarini olgan. Suratlardan ma’lumki, dovul spiral shaklida harakatlanadi.

“Spiral yoki shtopordek harakatlangan shamolning ikki natijasi haqida gapirish mumkin: birinchidan, u yerga yaqinlashganida binolarga qattiq zarar yetkazadi. Boshqa tarafdan, yuqoriga ko’tarilganida okeandan issiq va nam havoni tepaga olib chiqadi. Bu esa dovul uchun ozuqa”.

Halokatli dovullar qanday shakllanishi haqida qancha ko’proq bilimga ega bo’lsak, ob-havoni oldindan aytish osonlashadi. Bu esa odamlar hayotini saqlab qoladi, deydi Vurman.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG