Breaking News

Texas olimlari xavfli virusga qarshi kurashmoqda


AQShning Texas shtatida G’arbiy Nil virusi 21 odamning hayotiga zomin bo’ldi. Yana 700 kishi betob. Aksar bemorlar Dallas shahrida, ammo kasallik butun shtat bo’ylab qayd etilmoqda. “Amerika Ovozi” Texasda bo’lib, virusni o’rganayotgan olimlar bilan suhbatlashdi.

Maxsus laboratoriyada mutaxassislar butun Texasdan keltirilgan chivinlarni o’rganyapti.

Laboratoriya direktori Greys Kyubinning aytishicha, chivinlar G’arbiy Nil virusiga moyil hayvonlar to’qimasida tekshiriladi.

“Chivinlarni birinchi yaxshilab maydalab, keyin ishlatamiz. Shunday qilmasa virusni o’rganish qiyin. Chivinlarni suyuqlik shakliga keltirib, hujayralarni zararlaymiz”.

Test natijalari 48 soat ichida ma’lum bo’ladi va qanday chora ko’rish yuzasidan rasmiylarga maslahat beriladi.

Chivinlar, albatta, bu virus bilan tug’ilmaydi.

Yangi tug’ilgan chivinlar virusga hali chalinmagan. Kasal qushlarni chaqib, virusni yuqtiradi ular.

Chivin virusni yuqtirishi uchun kasallangan qushni muayyan bir vaqt mobaynida chaqishi kerak, deya tushuntiradi Texas shtati veterinari Tom Sidva.

“Virus qushning qonida to’rt kun davomida bo’ladi. Undan keyin butun umrga immunitet paydo bo’ladi. Demak, virus tarqalishi uchun chivin yangi kasallangan qushni chaqishi kerak”.

Texasdagi ilmiy markazdan Tom Sidva kasallikka qarshi kurashni boshqaradi. G’arbiy Nil virusi ilk bor bir necha oy oldin, donorlik qonini tekshirayotganda aniqlangan edi.

“Kasallik tarqalayotgani yil boshida, test natijalaridan ayon bo’ldi. Odamlar topshirgan qonda G’arbiy Nil virusi borligi aniqlangan. Donorlar ko’rinishidan soppa-sog’, lekin organizmida virus borligi shubhasiz”.

Aksar odamlar virusga chalinganidan bexabar, deydi olim. Simptomlar sirasida - isitma, boshog’riq va charchoq. Bemorlarning ayrimlarida miya zararlanib, ular virusdan halok bo’ladi.

“Kasallikka yo’liqqanlarning 80 foizida hech qanday simptom kuzatilmaydi. 20 foizida ayrim alomatlar bor. Bir foiz bemorlarda jiddiy nevrologik o’zgarishlar kuzatiladi”.

Mutaxassislar fikricha, kuz yaqinlashib, havo sovigan sari epidemiya ko’lami ham kamayib boraveradi.

Bu yilgi izlanishni befoyda demang. Kelajakda juda qo’l keladi, deydi Sidva.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG