Viskonsin shtatida politsiyaga qarshi namoyishlar

  • Amerika Ovozi

AQShning Viskonsin shtatida 6-mart kuni bir oq tanli politsiya zobiti 19 yashar metis yigitni otib o’ldirgan edi. Ishni o’rganib chiqqan prokuratura politsiyachini aybsiz, deb unga nisbatan hech qanday ayblov qo’ymadi. Bu qaror ortidan Viskonsin poytaxti Medisonda namoyishlar avj oldi.

“Bu fojeali va baxtsiz o’lim qonuniy kuch ishlatish natijasi bo’ldi, deb xulosa qildik. Politsiya zobiti Kenniga nisbatan Tonni Robinson o’limida ayblov qo’yilmaydi”, - deydi Deyn okrugi prokurori Ismoil Ozan.

Prokurorning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, Matt Kennining Toni Robinson aralashgan tartibsizlikda o’qotar qurol ishlatishi o’rganib chiqilgan va u ko’rgan chora qonun doirasidan chiqmagani aniqlangan.

6-mart kuni politsiya zobiti Matt Kenni Toni Robinson bilan xonadonida to’qnashub, unga yetti marta o’q uzgan edi.

“Qarorim Toni Robinsonni tiriltirmaydi. Qarorim adliya tizimida, bizning adliya tizimimizda hamon mavjud bo’lgan irqiy tengsizlikka ham chek qo’ya olmaydi”, - deydi Ozan.

Biroq Robinsonlar oilasi bu qarordan norozi.

“Ishga oid faktlarga qarang: 19 yoshli bola otib o’ldirildi. Uning yonida quroli yo’q edi. Yordam so’rab politsiyaga qo’ng’iroq qilgan edi”, - deydi halok bo’lgan yigitning tog’asi Turin Karter.

U boshqacha hukm kutganini, ammo prokuror qarori uni hayratga solmaganini aytadi.

Karter 6-mart kingi hodisadan keyin uyushtirilgan norozilik namoyishlarida qatnashdi.

“Hamma g’azabda, adliya tizimidan umidlarimiz puchga chiqdi”, - deydi Karter.

Marhum Toni Robinson yaqinlari adolatsizlikdan nolisa-da, mahalladoshlaridan tinchlik va tartib saqlashni so’radi.

Yigit o’lgandan beri Medisonda qator namoyishlar bo’lib o’tdi. Lekin zo’ravonliklar kuzatilmadi.

Politsiyachini aybsiz deb topgan qaror e’lon qilingach, yuzlab odam Viskonsin shtat kapitoliysiga qarab yurish qildi.

Marhum yigitning buvisi Sheron Irvin bu choralar qayg’usini aritmasligini aytadi.

“Bir kun kelib nevaramning qanday inson bo’lganini bilasiz, degan umiddaman. Men uni umrimning oxirigacha har damda sog’inaman, siz uyingizga ketganingizda ham, bu ish esingizdan chiqqanida ham. Men uchun bu janoza abadiy davom etadi. Bu adolat emas, siyosat”, - deydi u.

Robinson oilasi yollagan advokatlar mustaqil tergov o’tkazmoqda. Ayni vaqtda namoyishlar davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG