Amerika maktablarida sport va jismoniy tarbiya qanday?

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlarda bundan 40 yil oldin qabul qilingan qonunga binoan qizlar va o’g’il bolalarning sport bilan shug’ullanishi uchun federal byudjetdan alohida mablag’ ajratiladi. Har ikki jins vakillari uchun teng imkoniyatlar va sharoit yaratilgan. Lekin sportchilarning hammasi ham bu qonundan rozi emas.

Yaqinda poytaxt Vashingtonda yuqori sinf o’quvchilari orasida o’tgan basketbol musobaqasi faqat o’yin bilan cheklanmadi.

Qizlarga 40 yil oldin Kongressda qizg’in munozaralar natijasida ma’qullangan qonun haqida eslatildi.

Kaliforniya shtatidan Nira Filds:

"Basketbol o’ynab qiziq narsalar haqida o’rganasiz. Jinsiy tenglik quruq gap emas. U sportda ham ta’minlanishi kerak”.

1972-yildan beri maktablar hukumatdan jismoniy tarbiya darslari, musobaqa va qo’shimcha mashg’ulotlar uchun mablag’ oladi.

Maktablarning jins ajratishga haqqi yo’q. Har bir o’quvchi sportda teng qaralishi shart. Mahoratli sportchi qizlar juda ko’p.

Tina Tompson, Amerika Ayollar Basketbol Uyushmasida birinchi o’rinda turadigan o’yinchi. Davlat yordami juda muhim rol o’ynaydi, deydi u.

“Oilada besh farzanddan biriman. Meni universitetda o’qitishga ota-onamning puli yo’q edi. Lekin Janubiy Kaliforniya oliygohidek joyga qabul qilindim. Davlat to’lab berdi. Sportchiligim sabab istagan joyga kirishim mumkin edi”,- deydi chempion.

Darhaqiqat, mavjud qonunlarga muvofiq oliy darajadagi sportchilar uchun universitetlar eshigi ochiq. Lekin bilim darajasi ham yuqori bo’lishi shart.

Biroq bu qonundan norozilar ham ko’p.

Ular nazarida jinsiy tenglik deb erkaklar uchun muhim sanalgan sport turlariga oz mablag’ ajratiladi. Qizlar qiziqmasa ham ular uchun dasturlar serob.

Ko’plab universitet va maktablarda kam odam qatnasa ham xilma-xil programmalar mavjud. Pul bekorga ketayapti deb noliydi ayrim talaba va muallimlar.

Brayan Xazard - Virjiniya shtatidagi o’rta maktabda kurash o’qituvchisi. Ba’zi universitetlar, deydi u, bu sport turi bilan shug’ullanish uchun sharoit yaratmayapti, chunki pul qizlar uchun mashg’ulotlarga sarflanayapti.

Sport jins tanlamaydi, deydi o'qituvchilar, lekin haqiqat shuki, unga qiziqadiganlarning aksariyati o'g'il bolalar

Sport jins tanlamaydi, deydi o'qituvchilar, lekin haqiqat shuki, unga qiziqadiganlarning aksariyati o'g'il bolalar

“Shu ham adolatdanmi? Gap qiziqish va talabda, shunday emasmi?”- deydi trener.

Sabrina Sheffer, Ayollar forumi degan nohukumat tashkiloti direktori. Ilm dargohlari, deydi u, o’quvchi-talabaning qiziqishini qondirishi kerak.

"O’g’il-qizlar sportda teng bo’lsin deb aslida ularning imkoniyatlarini cheklab qo’ymasligimiz kerak”,- deydi u.

Gap bu yerda asosan Amerika futboli va basketbol singari sport turlariga ketayotgan mablag’ ustida ketmoqda.

Ta’lim maskanlari uchun esa qonun hamma narsadan ustun. Sport mashg’ulotlarida o’g’il va qiz bolalarga teng e’tibor beriladi, teng mablag’ ajratiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG