Amerikada onalar uchun imkoniyatlar cheklangan

  • Amerika Ovozi

XX asrning 70-yillarida Amerikada farzandli ayollarning 50 foizi ishlagan bo’lsa, bugunga kelib 75 foizga yetdi. Yangi qonunlar onalar hayotini biroz osonlashtirgan, lekin ham oila, ham ishni eplash dunyoning qay jamiyatida yashamang, oson emas.

Barns-Koenlar oilasi uchun oddiy ish kuni.

Alison Barns ishga ketishdan oldin bolalari bilan nonushta qilayapti.

Uch farzandning onasi oila va ish o’rtasida muvozanat saqlashga harakat qiladi. Hayot murakkab.

“Sakkiz yil oldin birinchi farzandim tug’ilganidan beri shu… Ham ishni, ham uyni, ham bolani eplash kerak. Ba’zida uddasidan chiqaman, ba’zida yo’q,” - deydi u.

Barns Vashingtondagi yetakchi advokatlardan, o’z yuridik firmasini yuritadi. Ish jadvalini o’zi rejalaydi. Farzandlari tug’ilganida dekretga chiqqan. Hozir esa haftada to’rt kun ishlaydi.

“Juma kunlari bolalarim bilanman. Bu men uchun juda muhim. Oilam va bolalarimga yetarli e’tibor beray deyman”, - deydi u.

Alison Barnsning hayoti aksariyat ayollar uchun orzu. Vashingtonda joylashgan nohukumat tashkilot, Ayollar va oilalar uchun hamkorlik markazi rahbari Vikki Shaybo deydiki, ko’p hollarda onalar vaqtincha ishini to’xtatishga majbur.

"Rahbarlar, katta maosh oladigan professional xodimlar ilgariga qaraganda ko’proq erkinlikka ega. Masalan, ba’zida uyidan turib kompyuter orqali ishlashi mumkin. Yoki haftasiga necha soat ishxonada bo’lishini o’zi belgilaydi”.

Lekin, aksariyat ayollarda bunday imkoniyatlar yo’q, deya davom etadi suhbatdosh.

"Ular qayerda, qachon va necha soat ishlashni o’zi hal etolmaydi. Yaxshi bolalar bog’chalari ham yo’q. Betob bo’lgan vaqt uchun bulleten ololmaydi. Farzandli bo’lganida dekretga chiqish yoki oila a’zosi og’ir kasal bo’lsa unga qarash imkoni ham yo’q”.

Tug’ruqdan oldin va keyingi ta’til Amerika ayollari uchun eng jiddiy muammo, deydi Shaybo.

“Dunyoda onalik ta’tili uchun pul to’lamaydigan mamlakatlar kam. Biz ular jumlasidanmiz. Ko’pgina mamlakatlarda farzandli bo’lgan otaga ham ta’til beriladi. Bizda unday emas”.

“1993-yilgi Oila va tibbiy ta’tillar haqidagi qonunga binoan, farzand ko’rgan ota-onaga 12 haftalik to’lovsiz ta’til beriladi. Ayol o’zi og’ir kasal bo’lsa yoki betob farzandi yohud turmush o’rtog’iga qaramoqchi bo’lsa ham shuncha vaqt beriladi”.

Yangi qonunlar kerak, deydi mutaxassis.

“Oilalar va tibbiy ta’tillar uchun to’lovni ko’zlaydigan maxsus dastur qabul qilamiz degan umiddaman, boshqa yetakchi mamlakatlarga o’xshab”.

Ishlaydimi yoki yo’q, har bir onaning niyati ezgu: baxtli yashash, sog’lom bolalarni tarbiyalash, jamiyat taraqqiyotiga hissa qo’shish.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG