Breaking News

AQShda urush faxriylari uchun maxsus uylar qurilmoqda


Iroq va Afg’onistonda jang qilgan 200 mingdan ziyod amerikalik askar yurtiga qaytdi. Ko’pi jismonan va ruhan nogiron. AQSh armiyasi ko’chmas mulk agentligi va mashhur arxitektor bilan birga bu faxriylar uchun zamonaviy uylar qurmoqda.

Bir qarashda oddiy uy. Ammo ichiga kirsangiz, oddiy narsaning o’zi yo’qligini tushunasiz.

Urushdan qaytgach, Virjiniya shtatidagi Fort Belvuar degan joyda qo’nim topayotgan nogiron faxriylar uchun uylar… Nogironlar aravachasidan foydanalanuvchi odam uchun mo’ljallangan katta xonalar va keng yo’laklar…

Jihozlar ham shunga mos. Hammom devoriga dastaklar o’rnatilgan. Eshiklar aravacha bemalol kiradigan qilib o’rnatilgan. Keysi Nolan “Clark Realty” agentligi xodimi. Bu imoratlar nafaqat urush faxriylari, balki oddiy fuqaroga ham yoqishi aniq, deydi.

“Bu loyihani ishlab chiqayotib, har jihatdan qulaylik haqida o’yladik. Nogiron odam bemalol yashay oladigan, umuman, inson maza qilib hayot kechiradigan xonadon bo’lishi kerak edi”.

Oshxonada rakovinani pastlatib, ko’tarish mumkin. Bitta tugmani bosasiz, tamom. Gaz ham xuddi shunday. Stolni esa oilaning har bir a’zosiga moslash mumkin.

“Loyiha boshidanoq kelishib oldik: imorat qulay bo’lishi kerak, lekin nogironlar yashar ekan, deb qo’lni bigiz qilishmasin”.

Taniqli arxitektor Maykl Greyvs hamkasblar bilan binolar qurib, mukofotlar olib keladi.

U 2003-yilda og’rib, shol bo’lib qolgan. Mayib bo’lgan askarlarga qanday uy kerakligini men bilmay, kim bilsin, deydi Greyvs.

“O’zim qanday uyga muhtoj bo’lsam, ularga ham aynan shunaqasini yaratdim. 10 yil avval, hali sog’ paytim, bularni bilmasdim”.

Urushdan nogironlar aravachasida qaytayotganlar ko’p. Boshqalar ruhiy madadga muhtoj.

“Badanimning o’ng tarafi, yelkamdan tovonimgacha kuyib ketgan. Kuyishning 3-darajasi,” - deydi iste'fodagi kapitan Elvin Shell.

U Iroqda boshqa bir askar hayotini saqlab qolgan. O’t olgan yuk mashinasidan olib chiqqanida o’zi ham yonib, jiddiy jarohat olgan. Ko’zi ko’rmaydi. Ruhiy muammolardan ham davolanishga to’g’ri keldi. Loyiha mualliflari qurilish paytida Shell va uning rafiqasidan maslahat olib turdi. Sobiq harbiy uyni katta derazalar va oynali eshiklar bilan jihozlashni tavsiya qildi. Derazadan tushgan quyosh nuri kayfiyatni ko’taradi. Kuygan yoki qo’lidan ayrilgan odam tugmani bosib, eshiklarni ochadi. Kuygani bois tez issiqlab-sovuq qotadigan askar bino haroratini odam o’zi boshqara olsin, deydi.

Maykl Graves yaratgan uydagi oshxona
Maykl Graves yaratgan uydagi oshxona
Arxitektor Maykl Greyvs bunday imorat oddiy oilaga ham yoqishi mumkin, deydi.

“Biz bunyod etgan uylar, masalan, artrit, bo’g’imlar yallig’lanishidan azobda yurgan odamlarga ma’qul kelishi aniq”.

Hozirgacha ikki maxsus uy qurib bitkazildi. Urushdan qaytayotgan harbiylar uchun Fort Belvuarda yana 19 imorat qad ko’taradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG