Havaskor adiblar uchun to'garaklar

  • Amerika Ovozi

Bolalarning tabiatan fantaziyasi, tasavvuri boy bo’ladi. Xayol suradi, hikoyalar to’qiydi. Professional yozuvchi va dramaturglar yordamida ular asarlar ham yaratmoqda.

AQShning katta shaharlarida shunday badiiy to’garaklar ochilgan. Nodavlat tashkiloti o’g’il-qizlarga yozishni o’rgatadi, ijod namunalarini chop etlishda ko’maklashadi.

Bu oddiy sinfxona emas. Bu yerga bolalar haftada bir marta kelib, hikoya yozishni o’rganadi.

Do’stona muhitda ular ijodga beriladi.

“Miyamga juda ko’p fikrlar keladi,” - deydi to'qqiz yoshli Kirsten.

Kattaroq bolalar kichkintoylarga yo’l ko’rsatadi, ustozlik qiladi.

Keti Kratcher “Writopia” to’garagi direktori va muallima. Hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun avvalo yozishni bilish kerak, deydi u.

“O’ziga ishonchi oshadi, hatto grammatikaga boshqa ko’z bilan qaraydi”.

“Jonli isbot” nomli triller kitobi muallifi Kayra Pikoff “Writopia” ning Nyu-Yorkdagi bo’limida dars beradi. Yosh yozuvchilarga syujet ustida ishlash, kitobxonda qiziqish uyg’otish qoidalarini o’rgatadi.

“Kitobxon miyasida savol uyg’otish va javobni izlashga undash uslubi bu. Jumboq kalitini iloji boricha kechiktirasiz, o’quvchi kitobni varaqlashda davom etsin…”

To’garakning ayrim a’zolari hatto pyesa yozishga shay.

Dramaturg Rechel Barkley eng zo’r asarlar “Jahon pyesalari festivali” deb nomlangan yillik tanlovda qatnashishini aytadi.

“Butun mamlakatdan o’quvchilar o’z ijodi namunalarini tanlovga yuborishi mumkin. G’oliblarning ishi haqiqiy aktyorlar va rejissyor ishtirokida sahnalashtiriladi”.

Eliza Bayumi bu yili sovrinni qo’lga kiritdi. Uning pyesasi bankni o’marmoqchi bo’lgan bir odam haqida:

“Bu ishga qo’l urganida hamma unga to’g’anoq bo’ladi, xalaqit beradi. Hajviya shaklida yozganman,” - deydi qiz.

Mina Kuper ham bir nechta tanlov g’olibasi. Uning “Tashlandiq bo’ronlar” asari boshqa hikoyalari bilan birga yaqinda bosmadan chiqdi.

“Boshim osmonga yetdi. Yozuvchi bo’lishni orzu qilganman,” - deydi u.

Jurnalist Rebekka Vollas-Sigall bolalar va o’smirlarga badiiy asarlar yozishni o’rgataman deb 2007-yilda “Writopia” tashkilotiga asos solgan.

“Buning uchun miyaning ikkala yarmini birdek ishlatish kerak. Bir gapni keyingisiga bog’lash muhim. Fikrlashni o’rgansang, jumla-g’oyalarni qiziqarli shaklda ifoda eta bilasan. Buni o’rganish katta ahamiyatga ega”.

So’nggi ikki yil ichida Aleks Mauntfild to’rtta hikoya va pyesa yozib bitkazdi. Hammasi to’garakning internet-jurnalida chop etildi.

Jarayonning muhim qismi – hikoyalarni boshqalarga o’qib eshittirish.

“Fikr bildirishsa, menda yangi g’oyalar paydo bo’ladi,” - deydi Mauntfild.

Bo’lajak mashhur adiblar mana shu xonada o’tirgan bo’lsa ajabmas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG