Amerikalik yazidiy faol o'z elatiga yordam berishga urinmoqda

  • Amerika Ovozi

Yazidiylar Iroq shimolida yashaydigan diniy-etnik guruh. Shuningdek, Suriyada ham katta sonni tashkil etadi. G'arbdagi eng katta jamoa Germaniyada istiqomat qiladi.

Yazidiylar Iroq shimolida yashaydigan diniy-etnik guruh. Shuningdek, Suriyada ham katta sonni tashkil etadi. G'arbdagi eng katta jamoa Germaniyada istiqomat qiladi.

O'tgan yili minglab yazidiylar "Islomiy davlat" jangarilaridan qochib Sinjar tog'lariga yashiringach, oz sonli bu elat dunyo e'tiboriga tushdi. AQShda yazidiylarning eng katta jamoasi Nebraska shtatining Linkoln shahrida yashaydi. Bu yerda 26 yoshli Laylo Xudaydo elatdoshlariga yordam berish uchun kampaniya boshlagan. "Amerika Ovozi" bilan suhbatda u hanuz shu ish bilan band ekanini aytdi.

Ijtimoiy yordamchilar milliy assotsiatsiyasining Nebraska bo'limi shu oy Laylo Xudaydoni "Yil fuqarosi" deb e'lon qildi. Bunday martabaga u dunyoning narigi burchagidagi odamlarga ko'rsatgan yordami evaziga erishdi.

Uning yaqin do'sti Kristi Abdul Layloning yazidiylarga ko'rsatgan muruvvatidan ta'sirlanganini aytadi.

"U yerda bo'layotgan ishlarga shunchalik qayg'urishi barchamizni g'ayratlantiradi",- deydi u.

Laylo uzoq yillardan beri Linkoln shaharchasida yashaydi, ammo Suriyadagi qochoqlar lagerida tug'ilib o'sgan. Uning oilasi Saddam Husayn ta'qibidan qochib Iroqni tark etgan muhojirlardan.

"O'zim shunday sharoitlarda yashaganman. Shuning uchun yazidiylar masalasiga ruhan qattiq bog'liqligim bor", - deydi u.

Laylo "Islomiy davlat" qo'lidagi tutqun qizlar bilan telefon orqali gaplashib turgan. Ulardan biri, ayniqsa, yaxshi esimda, deydi u.

"U boshqa 40 nafar yazidiy ayollar va bolalar bilan birga edi. IShID jangarilari kelib oralaridan qizlarni tanlab olishini aytardi", - deydi u.

AQSh va boshqa davlatlarga yordam so'rab qilingan murojaatlar foyda bermadi.

"Bir kuni unga telefon qilsam, opasi ko'tardi. Ismini aytib chaqirsam, men opasiman, singlimni kecha "Islomiy davlat" jangchisiga sotib yuborishdi, deb aytdi", - deydi Laylo.

Ayrim ayollar qochib ketgan. Ammo qo'lga tushib qolganlari shafqatsiz qiynoqlarga duchor qilingan.

"Bir ayol qochmoqchi bo'lgan edi, ushlab olishdi. Uni ortga qaytarishib, ikki oyog'idan kesishgan", - deydi yazidiy faoli.

Laylo Xudaydo va uning ayrim amerikalik yazidiy do'stlari o'tgan yili "Yazda" guruhini tuzdi. Maqsad "Islomiy davlat" qo'lidagi taqriban 3000 yazidiy ayol va qizlarni ozod etish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG