Yoshlar orasida zo'ravonlik Amerikada jiddiy muammo


AQSh hukumatining bildirishicha, o’smirlar sodir etgan zo’ravonlik 10-24 yoshlardagi fuqarolarni hayotdan olib ketayotgan asosiy sabablardan. Qahrga moyillik bolalikda boshlanib, o’smirlik yillarida davom etishi, katta yoshda ham saqlanib qolishi mumkin, deydi olimlar. Muammo katta shaharlarda, afro-amerikaliklar orasida ayniqsa jiddiy.

Ko’chada mushtlashishdan tortib, maktab hovlisida bir-biriga hujum qilishgacha – afro-amerikalik yigit-qizlar orasida bunaqasi tobora ko’p uchramoqda. Rasmiy raqamlarni oling: 2004-yildan beri davlat miqyosida zo’ravonlik kamaygan, lekin qurbonlarning aksariyati qora tanli yoshlar, jinoyatchilar ham shular.

“Do’stlarim o’limiga guvoh bo’lganman. Ko’z oldimda otib o’ldirishgan. Qo’limda jon bergan”,- deydi Toni Lyuis, Vashingtonning Xanover Pleys mahallasida katta bo’lgan yigit.

Zo’ravonlik nimaligini u yaxshi biladi. Fojiali oqibatlarini ham. To’qqiz yoshligida otasi kokain savdosi bilan shug’ullangan jinoiy guruhga a’zolikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan.

“Kambag’al mahallalarda ko’pgina odamlar jinoyatga qo’l uradi, chunki nochorlik ularni majburlaydi. Jinoyat bor joyda zo’ravonlik ham bo’lishi aniq”.

Lyuis deydiki, afro-amerikalik yoshlar orasida ta’lim imkoniyati cheklangani bois ham janjal, jinoyatchilik chuqur ildiz otmoqda.

Kattalar bolalar bilan ishlashi, ularning xulq-atvorini o’zgartirishi kerak, deydi faol.

“Men ularga har biringiz talantli, noyobsiz, deb uqtiraman. Jinoyat va kuch qo’llash esa hayotni izdan chiqarishini tushuntiraman”,- deydi u.

Maktab direktori Xarrison Kolman:

“Bolalar bir-biriga nisbatan juda shafqatsiz bo’lib ketayapti. Gaplashish, muloqot qilish, do’stlashish o’rniga urishadi, mushtlashadi. Biz yoshlarga boshqa vositalar yordamida o’z ehtiyojlarini ifoda etishni o’rgatamiz, musht ko’tarish, birovni do’pposlash o’rniga muloqot qilishga undaymiz”.

Vilmer Vaytning nabirasi Rikardo ikkinchi sinfda.

“Biz, ota-ona va buvi-buvalar, bolalar hayotida ijobiy rol o’ynashimiz kerak. Farzandlar, nabiralar bilan birga bo’ling, o’ynang, ish o’rgating, darsida yordamlashing”,- deydi ayol.

O’qituvchi Dayan Vudz fikricha tengdoshlar, sinfdoshlarda gap ko’p.

“Asosiy rol o’ynaydigan shaxs, masalan, do’sti vaziyatni tinchlantirishda yordam berishi mumkin, chunki kattalar doimo bola yonida bo’lavermaydi. Mahallada kelishmovchiliklar bo’lib turadi, biroq ularni urishmay-talashmay hal qilishni o’rgatish kerak”.

Toni Lyuis o’z mahallasida qaysidir ma’noda qozi rolini bajarmoqda.

Bir necha yil oldinga qaraganda hozir Xanover Pleys va unga qo’shni mahallalar ancha tinch. Toni Lyuis kabi faollar yoshlar orasida nafrat, qahr-g’azabga qarshi kurashni davom ettiramiz, deydi.

XS
SM
MD
LG