Syuzan Rays AQShning Osiyo va Tinch okeanidagi maqsadlarini bayon qildi

  • Amerika Ovozi

AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Syuzan Rays

AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Syuzan Rays

Prezident Barak Obamaning xavfsizlik masalalari bo’yicha maslahatchisi Syuzan Raysning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Osiyo va Tinch okeani mintaqasida xavfsizlik muvozanatini tuzatishga va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga bel bog’lagan. AQSh rahbari kelasi yili Osiyoga safar qilishi kutilmoqda.

AQShning BMTdagi sobiq elchisi Syuzan Raysning aytishicha, Amerikada byudjet bilan bog’liq siyosiy tortishuvlar sabab prezident Obama qit’aga rejalangan safarini qoldirishga majbur bo’lgan edi.

Indoneziyadagi APEK sammiti hamda Malayziya, Bruney va Filippinga Obamaning o’rniga davlat kotibi Jon Kerri bordi. Bu hol mazkur davlatlarni bir oz ranjitdi.

Syuzan Rays prezident Osiyoga aprelda borishini ma’lum qilib, AQSh qit’aga doir rejalaridan voz kechgani yo’q, dedi.

"Osiyo va Tinch okeani mintaqasida xavfsizlik muvozanatini tekislash Obama ma’muriyati tashqi siyosatining muhim yo’nalishlaridan hisoblanadi. Dunyoning qay bir chekkasida qaynoq nuqta yuzaga kelmasin, biz uchun ahamiyatli bu mintaqa bilan hamkorligimizni kuchaytirishda davom etamiz", - deydi Rays.

Oq uy maslahatchisiga ko’ra, prezident Obamaning yaqin kelajakdagi maqsadlari qatorida mintaqa xavfsizligi va farovonligini oshirish, demokratik qadriyatlar va inson huquqlarini targ’ib etishni alohida ta’kidlash mumkin.

Qo’shma Shtatlar davlatlar bilan harbiy ittifoq tuzib, harbiy mashqlar o’tkazib, xavfsizlik bitimlarini yangilab mintaqani yanada barqaror qilishni ko’zlaydi. 2020-yilga borib AQSh harbiy flotining 60 foizi Tinch okeanida joylashgan bo’ladi, deydi Rays.

Xitoy haqida gapirar ekan, Oq uy rasmiysi Qo’shma Shtatlar yirik davlatlar bilan munosabatlarning yangicha modelini ishga solayotganini aytadi. Osiyo va boshqa mintaqalarda manfaatlar kesishgan joyda tabiiy raqobat bilan yuzlashib, hamkorlikni chuqurlashtiramiz, deydi Syuzan Rays.

Ammo, deydi u, Amerika ayrim tamoyillardan voz kechmaydi.

"Qonun ustuvorligi, inson huquqlari, diniy erkinliklar, demokratik tamoyillar shular jumlasidan. Bu dunyodagi barcha odamlar birday intilayotgan qadriyatlardir. Vazifamiz naqadar mashaqqatli bo’lmasin, undan qaytmaymiz", - deydi AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi.

Syuzan Rays Shimoliy Koreya yadro dasturi mavzusida ham fikr bildirib, AQSh va Xitoyning bu masalada manfaatlari bir ekanini aytdi. Qo’shma Shtatlar muzokaralarga tayyor, agar jarayon ishonchli va haqiqiy bo’lsa, butun dasturni o’z ichiga olsa, deydi rasmiy.

"Pxenyan muhim komponentlarni saqlab qolgan holda muloqotga kirishishga intilmoqda. Biz bunday yondashuvni qabul qilmaymiz", - deydi Rays.

Uning aytishicha, Shimoliy Koreyaning yangi provokatsiyalari unga qimmatga tushadi. AQSh va Xitoy Pxenyanga bosimni oshiradi, deydi Rays.

Oq uy rasmiysi Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizlarini talashayotgan davlatlarni muloqotga chaqirdi. O’zaro do’q-po’pisalar mintaqa xavfsizligi va tinchligi hamda AQSh manfaatlariga zarar, deydi Rays.

Uning aytishicha, Amerika qit’adagi siyosiy islohotlar va demokratik harakatlarni qo’llab-quvvatlashda davom etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG