Breaking News

AQShda giyohvandlikka munosabat o'zgaradimi?


Vashington shtati marixuana iste'molini 2012-yilda qonuniylashtirdi
Vashington shtati marixuana iste'molini 2012-yilda qonuniylashtirdi
Amerikada giyohvandlikka qarshi kurash doirasida yillar avval qabul qilingan qonunlar natijasida bugunga kelib salkam yarim million odam panjara ortida. Ular orasida zo’ravonlikka qo’l urmagan, birinchi bor qamoqqa tushganlar ham bor. Biroq sobiq davlat rahbarlari nazarida hozirgi strategiya ish bermayapti.

Entoni Papa ismli bir odam 125 gramm kokainni sotayotgan payt ushlanib, 500 dollar topaman deb, 12 yilga qamaldi. Papa bungacha bu ish bilan shug’ullanmagan edi. Qamoqxonada rassomchilikka mehr qo’ydi.

"Oilam, yetti yoshli qizim bor edi. Ularning hayoti bir kunda rasvo bo’ldi. Qamoqxona bu muammoga yechim emas", - deydi u.

Papaning aytishicha, narkotiklar bilan shug’ullangan odamlarni qamoqda saqlash uchun soliq to’lovchilarning milliardlab dollarlari sarflanadi.

“Bu pullarni maorifga, yo’qsil bolalar va muhtoj jamoalarga yordam uchun sarflasa ko’proq foyda bo’lardi", - deydi mahbus.

Giyohvand moddalar ularni iste’mol qilgan odamlar uchun ham, ularga qarshi kurashayotganlar uchun ham halokatli bo’lishi mumkin. Meksikada, masalan, so’nggi olti yilda narkotiklarga aloqador qotilliklar va zo’ravonliklarda 47 ming odam o’lgan. Braziliya va Kolumbiyada ham bunday jinoyatlar ko’p uchraydi.

AQSh sobiq prezidentlari Jimmi Karter va Bill Klinton ma’muriyatlari Amerika va xorijda narkotiklarga qarshi kurashda alohida shijoat ko’rsatgan. Bunday siyosat samara bermas ekan, deydi ular.

"Agar sigareta chekish ham jinoyat hisoblanganida edi, unga qarshi ham kurashib, odam o’ldirgan bo’lardik. Ammo uni qonuniylashtirdik. Narkotiklar muammosini politsiya yoki harbiylar yordamida hal qilishga umid qilayotgan bo’lsangiz, xato qilasiz", - deydi Klinton.

Braziliya va Shveysariya sobiq prezidentlari Fernando Kardozo va Rut Dreyfus hamda Kolumbiya rahbari Xuan Manuel Santos nazarida narkotiklar muammosini global miqyosda hal etish uchun masalaga boshqacha yondashish kerak, masalan, savdoni tartibga solish lozim.

"Yangicha yondashuvni sinab ko’rish, giyohvand moddalarga bo’lgan qarashlarimizni o’zgartirishimiz, masalan, ularni qonuniylashtirish kerak", - deydi Kolumbiya prezidenti.

Yaqinda Nyu-York shahrida narkotiklarga qarshi kurashning samarasizligini tasvirlovchi hujjatli film namoyish etildi. Kartina bosh prodyuseri Sem Brenson giyohvand moddalar yomon, biroq uni iste’mol qilganlarga qarshi jazo choralarini yumshatish kerak, deydi.

"Ularni qamoqqa tashlagandan ko’ra shifokorga yo’llash zarur. Balki bu odamlar tibbiy yordamga muhtojdir. Narkotik qabul qilgan odamlarning ko’pi jinoyatga qo’l urmaydi. Ular, shunchaki, hayotda o’zini yo’qotgan", - deydi Brenson.

Biroq ko’pchilik giyohvand moddalarni salomatlik va xavfsizlikka zarar deb, ularni qonuniylashtirish taklifiga qarshi. Sobiq respublikachi kongressmen Jim Kolbining aytishicha, qonunchilarning aksariyati ham shunday fikrda.

"Narkotiklarni iste’mol qilganlarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish kerak. Ayniqsa, ularni sotayotgan va tarqatayotgan odamlarga nisbatan. Uzoq muddatli qamoq jazosini saqlash lozim", - deydi qonunchi.

Mahbus Entoni Papaning aytishicha, narkotiklarni qamoqda ham topish mumkin.

"Ular panjara ortida nazorat etilmaganidan keyin ozodlikda nazorat qilinishi mumkinmi", - deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG