G'arb Rossiyaning Ukrainaga nisbatan rejalaridan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar mudofaa vazirlari uchrashmoqda, 15-aprel, 2014-yil

Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar mudofaa vazirlari uchrashmoqda, 15-aprel, 2014-yil

Ukraina sharqida hukumat referendum talab qilayotgan faollarga qarshi qo’shin tashlar ekan, Rossiya mahalliy rus aholini himoya qilish maqsadida ichki mojaroga aralashishi mumkinligi xavotir bilan tilga olinmoqda.

AQSh va Yevropa vaziyatni yumshatishga intilmoqda. Prezident Barak Obama o’tgan kuni Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashdi.

Dushanba kuni Lyuksemburgda Yevropa tashqi ishlar vazirlari, seshanba kuni esa mudofaa vazirlari uchrashdi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg hozirgi siyosiy inqirozda Moskvani ayblaydi.

"Ukraina mustaqilligi va suvereniteti ochiq va qo’pol ravishda, ataylab buzildi", - dedi u.

Shvetsiyalik hamkasbi Karl Bildt ham qattiq gapirdi.

"Shu damgacha Rossiya vaziyatni keskinlashtirib keldi. Agar shunday davom etsa, biz ham qattiqroq javob berishimiz kerak", - dedi u.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kengaytirishga kelishib oldi.

Shanba kuni Rossiyaning qiruvchi samolyoti Qora dengizda xalqaro suvlarni nazorat qilayotgan AQShning “Donald Kuk” nomli harbiy kemasi ustidan 12 bor past balandlikda uchib o’tdi.

Pentagon rasmiylariga ko’ra, samolyot raketa bilan qurollanmagan bo’lsa-da, uning harakatlari provokatsion bo’ldi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham bo’sh kelmadi. U G’arbni Kiyevdagi muvaqqat hukumatni sharqiy hududlarga qo’shin tortishga undayotganlikda aybladi.

"Ahvol o’ta xavfli tus olmoqda. Kiyevdagi hukumatni gijgijlayotganlar mas’uliyatni o’z bo’yniga olishi zarur", - dedi Rossiya vaziri.

Lavrov AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining rahbari Jon Brennan nega Kiyevga borganini savolga tutdi. Oq uy matbuot kotibi Jey Karniga ko’ra, Brennan Ukraina hukumati bilan xavfsizlik bobidagi hamkorlikni muhokama qilish uchun, Rossiyaga ogohlantirish berish uchun borgan.

"Rossiyaning provokatsiyasi, Ukraina chegarasini buzishi o’ziga zarar bo’ladi", - dedi Karni.

Qo’shma Shtatlar ham Yevropa Ittifoqi kabi sanksiyalarni kuchaytirish xususida o’ylanmoqda. AQSh Ukrainada 31-mayga belgilangan prezident saylovlarini o’tkazish uchun bir necha million dollar va’da qildi.

Kiyev harbiy madad ham so’ragan, ammo Qo’shma Shtatlar qurol bilan yordam berishga shoshmayapti, garchi NATO chegarada Rossiya qo’shinlari to’planganidan xavotir bildirayotgan bo’lsa ham.

AQSh sobiq senatori Richard Lugar Sovuq urushga qaytilmaydi, G’arb davlatlari Rossiyaga qarshi bir bo’lmaydi degan umidda.

"Rossiyaning dunyodagi ko’p masalalar bo’yicha yordami juda muhim", - dedi u.

G’arb hukumatlari va tahlilchilar Rossiya Ukraina masalasida qanchalik uzoqqa borishi mumkinligini bilishga harakat qilmoqda.

AQShning Ukrainadagi elchisi Jeffri Pyatning aytishicha, Ukraina sharqida namoyishlar tinch o’tmayapti.

"Bu qurollangan kuch. Ularning harakatlari qon to’kilishlariga olib keladi, Qo’shma Shtatlar esa bunga qarshi", - deydi elchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG