AQShning Afrikada ochlikka qarshi dasturlari xavf ostida, deydi faollar

  • Amerika Ovozi

Afrikada ochlik

Oq uy taklif qilgan davlat byudjetida ko’plab dasturlarga mablag’lar kesilgan. Kongress Vakillar palatasi Tashqi aloqalar qo’mitasining Afrika quyi qo’mitasida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining Afrikadagi dasturlari yopilish xavfi bilan yuzlashayotgani qayd etildi.

Sharqiy Afrikada ochlik yillar davomida dolzarb muammo ekan, xorijiy yordam dasturlarini qisqartirish asoratlari va oqibatlari Kongressda tahlil qilindi.

“Jahon instituti uchun non” tashkiloti vakili Faustin Vebvayrning aytishicha, bunday qisqartirishlar natijasida ko’plab odamlarning hayoti xavf ostida qolishi mumkin.

“Oq uy ma’muriyati Davlat departamenti va Xalqaro taraqqiyot agentligi byudjetlarini 30 foizga kesishni taklif qilgan. Buning natijasida agentlikning oziq-ovqat, tabiiy ofatlarga qarshi kurash, migratsiya, qochqinlarga yordam dasturlari zarar ko’radi”, - deydi u.

“Tinchlik uchun oziq-ovqat” dasturi boshqaruvchisi Metyu Nimsning qonunchilarga aytishicha, Prezident Tramp byudjetida bu idora tilga olinmagan, shu sabab byudjetdagi qisqartirishlarning oqibatini ayni pallada baholab bo’lmaydi.

“Kongress bizga bergan resurslar bilan dunyodagi eng muhtoj odamlarga yordam berishda davom etamiz”, - dedi Nims.

Ochlik haqida ogohlantiruvchi tarmoq hisobiga ko’ra, joriy yilda 45 mamlakatda 70 million odam favqulodda oziq-ovqat yordamiga muhtoj bo’ladi.

Masalan, Janubiy Sudanning ayrim rayonlarida ochlik hukm surmoqda, Nigeriya, Somali va Yamanda ham kelasi olti oyda 20 milliondan ziyod odam ochlik xavfi bilan yuzlashadi.

“Tinchlik uchun oziq-ovqat” dasturi 1954-yilda tashkil etilgan bo’lib, har yili 10 dan oshiq mamlakatlarda o’nlab million odamlarni oziq-ovqat bilan favqulodda ta’minlaydi.

“Muruvvat korpusi” xayriya tashkiloti xodimi Maykl Bauers qonunchilardan bunday dasturlarni mablag’siz qoldirmaslikni so’radi.

“Agar byudjetdagi qisqartirishlarga qarshi turmasak, keyinchalik kattaroq va ancha qimmatroq muammolarni hal qilishimizga to’g’ri keladi, ko’plab odamlar nobud bo’ladi”, - dedi u.

Quyi qo’mita raisi, Kongressga Nyu-Jersi shtatidan saylangan respublikachi Kristofer Smit prezident taklif etgan byudjet loyihasidan norozi ekanini bildirdi.

“Dunyo inqiroz ichida, gumanitar yordamga ehtiyoj katta, qochqinlar soni oshmoqda, hamma joy alg’ov-dalg’ov, biz aksincha harakatlarimizni kuchaytirishimiz kerak”, - dedi qonunchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG