Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha AQSh komissiyasi Andijon fojeasini xotirladi

  • Amerika Ovozi

Andijon, 13-may, 2015

Andijon, 13-may, 2015

AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiyasi Andijon fojeasining 10 yilligini xotirlab, bayonot chiqardi. Unda 2005-yil voqealarida hukumat kuchlari qo'lida yuzlab odam halok bo'lgani aytiladi.

2005-yil 13-may kuni Andijon shahrida yuzlab odam hukumat askarlarining namoyishchilarga qarata otgan o'qidan o'ldi, deya bayon qiladi Xalqaro Diniy erkinlik bo'yicha AQSh komissiyasi.

"O'zbekiston hukumati ishonchli tekshiruv o'tkazmaguncha hamda diniy erkinlik va inson huquqlarini hurmat qilish bo'yicha zarur islohotlarni amalga oshirmaguncha Andijon fojeasi qora dog' bo'lib qolaveradi. O'zbekistonning xavfsizlik bo'yicha tashvishlanishga asoslari bo'lsa-da, bu xavotirlar o'z fuqarolarining huquqlarini va diniy erkinligini cheklashga xizmat qilmasligi kerak", - deydi komissiya rahbari Katrina Svet.

Andijon fojeasi ortidan hukumat mustaqil tekshiruv o'tkazish bo'yicha yangragan xalqaro chaqiriqlarga quloq tutmadi. Voqeaga aloqador yuzlab mahalliy fuqarolar, huquq faollari va jurnalistlar hibsga olingani aytiladi. Komissiya shu yili e'lon qilgan yillik hisobotda yozilishicha, O'zbekiston hukumati dindorlarga tazyiq o'tkazishda davom etmoqda. Andijon voqealariga aloqador 231 odam hibsga olingan, ularning 10 tasi qamoqda o'lgan, deyiladi komissiya hisobotida. Namoyishlarda qatnashib, so'ng xorijga chiqib ketgan muhojirlarni bosim o'tkazib vataniga qaytarish harakati ham davom etmoqda.

"Diniy erkinlik bo'yicha O'zbekiston dunyoning eng yomon davlatlaridan biri sanaladi, - deydi Katrina Svet. - Davlat departamenti 2006-yildan beri O'zbekistonni davomiy diniy erkinlik huquqini buzib kelgani uchun "alohida tashvishga molik davlat" deb ataydi. AQSh va xalqaro hamjamiyat O'zbekiston hukumatini diniy erkinlik va boshqa huquqlarni toptagani uchun hamda Andijon fojeasidagi ishtiroki uchun qoralashi kerak".

Komissiya o'z hisobotida AQSh hukumatini O'zbekistonga nisbatan chora ko'rishga chaqirib, diniy erkinlik bo'yicha vaziyat yaxshilanmaguncha beriladigan yordam dasturlarini to'xtatib turishga chaqiradi.

AQSh Davlat departamenti ham Andijon fojeasining 10 yilligi munosabati bilan O'zbekiston xalqiga va xalqaro hamjamiyatga noma yo'lladi. Unda bu voqealarda yaqinlaridan ayrilgan va fojeadan zarar ko'rgan oilalarga chuqur hamdardlik izhor qilinadi. Shuningdek, AQSh O'zbekiston hukumatini xalqi oldidagi va xalqaro burchlarini ado etib, inson huquqlari va diniy erkinlikni ta'minlashga undashda davom etishini bildirgan. Huquq va uzviy erkinliklar hurmat qilinmas ekan, uzoq muddatli barqarorlik va xavfsizlikka erishib bo'lmaydi, deyiladi bayonotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG