O’rinboy Usmonov: Jurnalist hech qachon zulmga uchramasin


Jurnalist O’rinboy Usmonov yozuvchilik faoliyatini faol davom ettirmoqda

Jurnalist O’rinboy Usmonov yozuvchilik faoliyatini faol davom ettirmoqda

“Bi-Bi-Si” (BBC) radiosining Tojikistondagi muxbiri, o’zbek yozuvchisi O’rinboy Usmonov inson huquqlari bo’yicha “Human Rights Watch” xalqaro tashkilotining nufuzli Hellman-Hammett mukofotiga munosib topildi.

Bu mukofot so’z va axborot erkinligi yo’lida ta’qibga uchragan, hibsga olingan ijodkorlarga beriladi. Usmonov o’tgan yilning yozida ekstremistik tashkilotga a’zolikda ayblanib, bir oy qamoqda saqlagan. Sud 2011-yilning oktabrida 3 yilga ozodlikdan mahrum etgan edi.

Xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpuslar hamda “Bi-Bi-Si” talab va chaqiriqlari ostida jurnalist amnistiya asosida, shartli ravishda ozod qilingan. Jurnalist aybsizligini aytib, yuqori sudga murojaat qildi, ammo samara bermadi.

O’rinboy Usmonov bugun nimalar bilan mashg’ul?

Jurnalistning ijodiy faoliyatga qaytishini Tojikistonda hozir rasmiy idoralar istamayotgandek ko’rinadi. Ayni kunlarda Yevropada bo’lgan Usmonov mukofot jurnalistligi uchun emas, yozuvchilik faoliyati uchun berilgan deb hisoblaydi.

“Men yozuvchilik faoliyatimni ozodlikka chiqqanimdan so’ng ancha faol davom ettirdim. O’zimni hikoyalarim, qissalarimni yozdim. Bundan tashqari ko’proq tojik adabiyotidan tarjimalar qildim”, - deydi u.

Hozirgacha uning 10 ga yaqin kitoblari nashrdan chiqqan. Та’qibga uchragan ijodkorning nufuzli Hellman-Hammet mukofoti bilan taqdirlanishini so’g’dlik shoira, Xo’jand davlat universiteti o’qituvchisi Munavvara Oymatova haqiqat uchun kurashish natijasi deb hisoblaydi.

“Tojikistondagi o’zbeklar uchun juda katta bir muvaffaqiyat deb bilaman. Haqiqat uchun kurashish va uning uchun jon fido qilish bu, avvalo, haq beradi mukofotini. O’rinboy akaga berilishi xuddi shu narsani isbotladi. Aytish kerakki, O’rinboy aka o’sha haq so’zi uchun, ozod fikrlari uchun bu mukofotga munosib inson”, - deydi Oymatova.

O’rinboy Usmonov Amerikadagi nufuzli bir tashkilot mukofotiga sazovor bo’lganini katta bir quvonch deydi.

“Oddiy bir Tojikistondagi o’zbek yozuvchisini katta qadrlash deb hisoblayman”, - deydi u.

Аmerikalik taniqli dramaturg Liliyan Helman (Lilian Hellman) va noshir Dashiell Hammet nomlari bilan atalgan mukofot bilan hozirgacha jahondagi 100 ga yaqin davlatlardan 700 dan ortiq ijodkor taqdirlangan.


Usmonovning mukofotlanishini Tojikistonda sovuqlik bilan qarshilaganlar chiqqan bo’lsada, uning ijodini mahalliy teatr aktyorlari yuqori baholashadi.

Mahalliy o’zbek teatri sahna ustalaridan birining aytishicha, yozuvchi bilan respublikadagu bugungi hayot aks ettirilgan sahna asari yaratish borasida kelishib olingan.
Shoira Munavvara Oymatova

Shoira Munavvara Oymatova


“Ular bilan bu borada gaplashganmiz, undan ajoyib narsalar chiqadi. O’rinboyni qalami yanada charxlandi”, - deydi suhbatdosh.

Shoira Munavvara Oymatova ta’qibga uchragan yozuvchi ijodiga baho berib, uning mukofotga arzish-arzimasligi haqida gapiruvchilarni nohaq hisoblarkan, haq so’z aytadigan odamni arziydi-arzimaydi deb baholashga yoki hukm chiqarishga hech kimni haqqi yo’q, deydi.

Uning fikricha, yozuvchining bu mukofotga sazovor bo’lishi o’lkadagi ijodkorlar faoliyatiga ijobiy ta’sir o’tkazadi.

“Tojikistonda hozirgi zamonaviy o’zbek adabiyotidagi namoyandalar bilan bellashadigan bo’lmasa ham durdona bir ijodkorlar bor. Biz o’sha katta daryoning kichkina bir irmog’imiz. O’rtadagi chegaralar, sarhadlar ma’nosida ajralib qolganmiz, bir vakum ichidamiz. O’rinboy Usmonga shu xalqaro mukofotning berilishi hammamizni ham ruhan va ma’nan ko’taradi. Bu o’rni kelsa haq so’zni hamisha aytgin degani. Ayta oladigan ijodkor bo’l degani. Ijodkor degani haq so’zni aytish kerak degani!”
O’rinboy Usmonga shu xalqaro mukofotning berilishi hammamizni ham ruhan va ma’nan ko’taradi.

Ozodlik ne’matining ta’mini yaxshi anglagan yozuvchi O’rinboy Usmonov hamkasblari tutqinlikda bo’lishini istamaydi.

“Bironta jurnalist, bironta ijodkor hech qachon zulmga uchramasin. Hech qachon ozodlikdan mahrum etilmasin. Umrining bir kuni uyoqda tursin, bir soati, bir lahzasini ham qamoqda, turmada o’tkazmasin”.

Hellman-Hammet mukofoti har yili dunyoning turli mamlakatlarida huquqlari poymol etilgan yozuvchi va jurnalistlarga beriladi. Xalqaro salohiyatli qo’mita a’zolari hukumatning repressiv siyosatiga qaramasdan o’z ijodini to’xtatmagan mualliflar jasoratini qadrlab, ularning faoliyati to’xtamasligi uchun grantlar bilan taqdirlaydi.

Amerika tashkiloti o’tgan 23 yilda bu maqsadda 3,5 million dollardan ortiq mablag’ ajratgan.
XS
SM
MD
LG