Breaking News

AQSh yadroviy arsenalini oshkor etgani to’g’ri qaror, deydi ekspertlar


Qo’shma Shtatlar yaqinda arsenalidagi yadro qurollari sonini oshkor qildi. Ba’zilar buni to’g’ri qaror desa, boshqalar nazarida shu paytgacha sir saqlangan ma’lumot oshkor etilishi AQSh xavfsizligiga ziyon.

AQSh tasarrufida, ma’lum bo’lishicha, 5,113 ta yadro quroli bor.

Qurollar nazoratiga doir tadqiqotlar uyushmasi rahbari Deril Kimbolning aytishicha, ularga ayni damda shay turgan uzoq masofali, zaxiradagi va qisqa masofali taktik yadro qurollari kiradi. Eskirgani bois zararsizlantirilishi kutilayotgan 4-5 mingga yaqin qurollar hisobga olinmagan.

Yadro qurollari sonini Davlat kotibasi Xillari Klinton rasman e’lon qildi. “Shu paytgacha maxfiy hisoblangan bu ma’lumotning oshkor etilishi milliy xavfsizlikka tahdid emas”, - deydi u. “Yadroviy dasturimiz qancha tiniq bo’lsa, davlatlarning bizga bo’lgan ishonchi oshadi”.

AQShda qancha yadro quroli borligi yillar davomida maxfiy ma’lumot hisoblangan.

“Shu paytgacha kimki qurollari sonini oshkor qilsa, raqiblariga zaifligini ko’rsatadi deb ishonilar edi. Bunday ma’lumot asosidan mamlakatda qancha plutoniy va yuqori boyitilgan uran borligini ham bilsa bo’ladi. Biroq AQSh bu haqda ko’p yillar ilgari ma’lum qilgan”, - deydi ekspert Deril Kimbol.

Aksariyat tahlilchilar prezident Obamaning qarorini olqishlaydi. Ulardan biri so’nggi 30 yildan beri qurollar nazorati va yadro qurollarini tarqatmaslikka doir barcha muzokaralar ishtirokchisi, sobiq elchi Tom Grexem.

“Bu ishni ancha erta qilish kerak edi, Sovuq Urush tugashi bilanoq. Yadro qurollariga ega boshqa davlatlar ham o’z qurollari sonini ma’lum qilishi zarur. Shundagina o’zaro ishonch bo’ladi”, - deydi keksa diplomat.

Amerikaning BMTdagi sobiq elchisi, qurollar nazorati bo’yicha mutaxassis Jon Bolton Obama ma’muriyati xatoga yo’l qo’ydi, deydi.

“Qurollar sonini maxfiy saqlash ortida muayyan sabablar bor edi. Raqiblar buni bilmay xunob bo’lardi. Obama ma’muriyatini hech kim majburlagani yo’q. Boshqa davlatlar bizdan o’rnak oladi, deb o’ylashyapti shekilli. Siyosatga tiniqlik kiritsak, boshqalar ham bizga ergashib qurollaridan voz kechadi, degan xato tushuncha mavjud. Bu soddalikdan boshqa narsamas”, - deydi Bolton.

Tom Grexemning aytishicha hozir dunyoda aynan yadro qurollarini kamaytirishga qaratilgan kampaniya avjida.

“AQSh yadroviy siyosatiga oydinlik kiritmoqda. Rossiya bilan arsenalni qisqartirishga doir bitim imzolandi. Vashingtonda yadro xavfsizligi sammiti o’tkazildi. Oxirgi ikki oyda ko’p narsaga erishdik”, - deydi sobiq elchi.

Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi xalqaro bitim ham qayta ko’rib chiqilmoqda.

XS
SM
MD
LG