Amerikaliklar uy-joy qurishda hukumatdan yordam so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Chikago yaqinidagi qurib bitmagan uylar

Chikago yaqinidagi qurib bitmagan uylar

2010 yilda AQShda 323 ming yangi uy sotildi. 1963-yildan buyon bu – eng past ko’rsatgich. Iqtisodiy yetishmovchilik davrida odamlar kreditga olingan uylaridan voz kechishga majbur bo’lyapti. Yangi uylar qurilmayapti. Bu sohada ishlaydiganlarning tirikchilik qilishi juda qiyin.

Xel Stembrij 1979-yildan buyon quruvchi. U o’z biznesini boshlaganida, AQShda iqtisodiy inqiroz avjida, uylar deyarli sotilmayotgan edi. Lekin, deydi u, bugunga kelib vaziyat yanada og’irlashdi.

”Odamlarda bir gap bor. Qo’shning ishdan bo’shatilsa – inqiroz, o’zing ishdan bo’shatilsang – bo’xron, to’g’rirog’i – falokat. U keladi-yu, savdo sohasida ishlayotganlarni yer bilan yakson qiladi. Ha, yer bilan yakson qiladi”,- deydi Stembrij.

U Chikagoda yangi uy qurish ishtiyoqida bo’lganlarni izlamoqda. Mijozsiz biznesi o’ladi. Omadi kelmayotgan Xel Stembrij alamini kimdan olishni bilmaydi. Hukumatni so’kadi.

“Ular banklarni saqlab qolishdi, Uoll Stritni va avtomobil kompaniyalarini qutqarishdi. Ammo AQShda eng ko’p ish joylarini yaratadigan soha – qurilish. Unga qarashmadi”.

2005-yilda Chikago shahrida 54 ming yangi uy qurilgan. Bu yili esa – bor-yo’g’i 3 ming.

Brendon Vays o’z kompaniyasini ochganida, bunyodkorlik eng serdaromad biznes edi. Endi esa uning korxonasi asosan uylarni ta’mirlash bilan mashg’ul.

”Qurilish to’xtagani sari biz ishsiz qolmaslik uchun boshqa yo’llarni qidirishga majbur bo’ldik. Yo’nalishimizni o’zgartirdik. Zamon shuni talab qilmoqda. Tirikchilik. Nima xizmat bo’lsa, tayyormiz”,- deydi Vays.

Uning firmasi sotib olib qayta ta’mirlagan uylaridan biri – Illinois shtatining Elgin shahridagi eng dangi’llama xonadonlardan. Ammo u hali ham sotilmadi.

”Bu oson emas. Qiziqish, talab kam. Uyni ko’rishga kelayotganlar oz. Bozor juda sust. Hozir hamma joyda vaziyat shunday. Iqtisodiyotimiz juda oqsab qolgan”,- deydi u.

Ko’chmas mulk va qurilish bilan bog’liq muammolar tabiiyki boshqa sohalarga ham ta’sir ko’rsatdi.

“Edward Hines Lumber” kompaniyasi yog’och sotadi. Kompaniyaning 27 do’koni bor edi, hozir to’rttasi qoldi. Uning egasi Dag Jons “kun sayin kichrayib borayapmiz” deydi.

“Bir paytlar 1200 xodimim bor edi. Hozir 100 dan sal ko’proq. Juda qiyin ahvoldamiz”.

2008-yilda aslida 60 ishchisi qolgan edi. Lekin bir amallab sarmoya topib, bir necha xodimini qayta chaqirib oldi. Mahsulotga talab yo’q, deydi u.

Inqiroz mahalliy iqtisodni tebratadigan kichik bizneslarga mislsiz zarar keltirdi.

”Chikagoni oladigan bo’lsak, yangi uy-joy qurilish sur’ati 2007- yilga qaraganda 90 foizga pasaydi. Qurilish kompaniyalari ko’p, quradigan odamlar kamayib ketgan. Hamma qiynalyapti. Kun ko’rish, non topish juda qiyin hozir”,- deydi Vays.

Quruvchi Xel Stembrij hukumat yordam ko’rsatishi kerak deb hisoblaydi.

”Gap shunda-ki, har bir yangi uy AQShda uchta yangi ish o’rni yaratadi. 90 ming soliq to’lanadi. Nima sababdan davlat ko’chmas mulk va qurilish sohasini quvvatlamayapti, men hech tushunolmayman”,- deydi u.

Odamlar esa yangi uy sotib olishga shoshilmayapti. Ishsizlik 9 foizdan balandroq bo’lgan bir paytda ular ishsiz qolishdan qo’rqadi, kreditni to’lay olishiga ishonmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG