Uyg'ur jamoasi Vashingtonda Xitoy siyosatiga qarshi namoyish qildi


Yakshanba kuni Vashingtonda uyg’ur jamoasi madaniy festival o’tkazdi. Mehmonlar raqs, qo’shiq va siyosiy ma’ruzalarga guvoh bo’ldi. Shundan so’ng uyg’urlar Robiya Qodir yetakchiligida Xitoy elchixonasi yonida norozilik namoyishi uyushtirdi.

AQShdagi eng yirik uyg’ur jamoasi Vashington atrofida yashaydi. Bu siyosiy jihatdan juda ham faol jamoa. Kecha poytaxt markazidagi Ozodlik plazasida yana bir tadbir o’tkazildi. Faollar Uyg’ur madaniy festivali yordamida amerikaliklar diqqatini bu millat o’zligi, madaniyati, dardi, siyosiy kurashiga qaratmoqchi bo’ldi.

Festivalda qo’shiqlar yangradi, raqslar ijro etildi, siyosiy ma’ruzalar yangradi.

Uyg’ur-Amerika uyushmasi prezidenti Olim Seytoffning aytishicha, tadbir madaniy bo’lgani bilan undan siyosiy maqsad ko’zlandi.

O’tgan dushanba, ya’ni Ramazon hayitida Xitoy g’arbidagi Shinjon viloyatining Yorkent tumanida zo’ravonliklar kuzatilib, salkam 100 kishi o’lgan. Xitoy davlat matbuotiga ko’ra, to’polonni uyg’urlar boshlagan. Pichoq va bolta bilan qurollangan o’nlab odam politsiya mahkamasi va davlat idoralariga hujum qilgan, mashinalarni ag’darib, yondirgan, 37 xitoyni o’ldirgan. Xavfsizlik kuchlari qurolni ishga solib, 59 uyg’urni otgan, 215 kishi hibsga olingan.

Xitoy hukumati ularni terrorchi tashkilot deb tan olingan Sharqiy Turkiston islomiy harakati a’zolari demoqda.

Uyg’ur faollariga ko’ra, to’qnashuvlar, qo’zg’olonlar Pekinning bu millatga qarshi qaratilgan repressiv siyosatiga javobdir.

Xitoy hukumati Ramazon paytida musulmonlarning ro’za tutishini cheklab qo’ydi. Xavfsizlik kuchlari uyma-uy yurib, ro’zador uyg’urlarni qidirdi, tunda ularga zulm qildi, namoz o’qiyotganlarni ushlab qamab qo’ydi, bir oilani esa otib o’ldirishdi. Bundan g’azablangan xalq ko’chaga chiqib, politsiya zulmiga qarshi namoyish qildi, deydi Uyg’ur-Amerika uyushmasi prezidenti Olim Seytoff.

Vashingtondagi tadbirda ishtirok etgan Rushan Abbosning aytishicha, madaniy festival Xitoy hukumatining uyg’ur madaniyatini yo’q qilish siyosatiga qarshi qaratilgan.

Kunning ikkinchi yarmida yuzga yaqin uyg’urlar Xitoy elchixonasi yonida to’planib, bu davlat hukumatiga qarshi shiorlar aytdi.

Jahon uyg’urlari yetakchisi Robiya Qodirning aytishicha, xorijdagi vatandoshlar Xitoyda har kuni zulm chekayotgan millatdoshlariga xoh moliyaviy bo’lsin, xoh siyosiy, xoh ma’naviy, hamisha yordam berishga tayyor turishi kerak.

Uyg’ur namoyishchilari yanvar oyida hibsga olingan professor Ilhom To’xtining Xitoy sudi tomonidan bo’lginchilikda aybdor deb topilganiga ham norozilik bildirib, uning ozod etilishini talab qildi.

XS
SM
MD
LG