Xitoy uyg'ur faollarini qamashda davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Xitoyning Shinjon viloyatidagi mahalliy uyg'urlar

Xitoyning Shinjon viloyatidagi mahalliy uyg'urlar

Uyg’ur-Amerika uyushmasi Xitoyda 20 nafar uyg’urning uzoq muddatga qamalganini keskin qoralamoqda. Qashg’ar va Bayingol prefekturalarida o’tgan besh sud ishida ular terrorizm va separatizmda ayblanib, besh yildan umrbod qamoq jazosigacha bo’lgan muddatlarga mahkum etilgan.


Bo’lib o’tgan sud hukmlari haqidagi xabar 26-mart kuni hukumatga qarashli Tianshan.Net elektron nashrida paydo bo’ldi. Sudlarning to’rttasi Qashg’arda, bittasi Bayingol Mo’g’ul avtonom viloyatida bo’lib o’tgan. Ayblov hukmida uyg’urlarning internet, qo’l telefonlari hamda elektron ma’lumot saqlovchi vositalar orqali separatizm g’oyalarini targ’ib qiluvchi terrorchi tashkilotda ishtirok etgani va uning faoliyatlarini boshqargani aytiladi.

Jahon Uyg’urlari Kongressi so’zlovchisi Dilshod Rashitning aytishicha, mahkumlar “YouTube” saytida video ko’rish va “Ozod Osiyo” radiosining uyg’ur xizmatini tinglashdan boshqa ish qilmagan.

Vashingtonda joylashgan Uyg’ur-Amerika Uyushmasi prezidenti Olim Seytoffga ko’ra, Xitoy hukumati internetdan mustaqil axborot qidirgan oddiy fuqarolarni terrorchiga chiqarmoqda.

“Bu sud ishlari uyg’ur xalqini qo’rqitish, ularning bu o’lkada nimalar bo’layotgani haqida boshqa mustaqil manbalardan axborot olishiga yo’l qo’ymaslikka qaratilgan. Bu axborot olish huquqining ochiqdan ochiq buzilishidir. Sharqiy Turkistondagi uyg’urlar, tabiiyki, Xitoy hukumati propagandasiga ishonmaydi. Dunyoda axborot rang-barangligi va erkinligi keng tus olgan bir paytda, Xitoy uyg’urlari o’z odamlariga nima bo’layotganidan bexabar yashamoqda. Ularning hukumatga qaram bo’lmagan boshqa manbalardan yangilik qidirishi ajablanarli emas”, - deydi Olim Seytoff.

Dilshod Rashitning aytishicha, qashg’arlik 19 uyg’ur proksi saytlari orqali “YouTube” va Ozod Osiyo” radiosining uyg’ur xizmati vebsaytidan video va audio materiallarni saqlab olgan. Ular taqiqlangan saytlarga kirayotganidan xabari bo’lmagan, deydi uyg’ur faoli.

Xitoyda ilgari ham xorij radiolarini tinglagan yoki taqiqlangan videolarga egalik qilgan uyg’urlarning hibsga olinish holatlari ko’p uchragan. Jahon Uyg’urlari Kongressi prezidenti Robiya Qodir oddiy xalqning axborot olish huquqi ham zo’ravonlik bilan poymol etilayotganini aytadi.

“Axborot qamal ostida, axborot olish va tarqatishga uringan odamlar qonga botirilyapti. Biz buni dunyoga ma’lum qilmoqchimiz. Qurol Xitoyning qo’lida, pul Xitoyning qo’lida, tashviqot Xitoyning qo’lida. Shunday bo’lgani uchun bizning xalqimizning tashviqoti qamal ostida qoldi”, - deydi Robiya Qodir.

“New York Times” gazetasida kecha chop etilgan maqolada “Human Rights Watch” tashkiloti tadqiqotchisi Nikolas Bekulin Xitoy hukumatining ekstremist islomiy guruhlarga qarshi olib boradigan sud ishlarida dalillarga asoslanmagan ayblovlar ko’p qo’yilishini aytadi.

Robiya Qodir so’zlariga ko’ra, rasmiy Pekin olib borayotgan siyosat uyg’ur xalqining tinkasini quritayapti va bu borib-borib xalqni zo’ravonlik sari boshlashi mumkin.

“Biz ular bilan kelishib, yaxshi yashashni xohlaymiz. Xitoy hukumati bizning dushmanimiz emas. Biz faqat qonun bo’yicha haq-huquqlarimizni talab qildik. Xitoy hukumati uyg’urlarni zo’ravonlikka majburlamasligi kerak. Haddidan oshib ketgan zulm bir millatni zo’ravonlikka majburlaydi”, - deydi xorijdagi uyg’urlar yetakchisi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG