Xalqaro mukofot bilan taqdirlangan Muhammad Bekjonni ozod etishga chaqiriqlar


Matbuot erkinligi mukofoti bilan taqdirlangan jurnalist Muhammad Bekjonning salomatligi og’irlashgan, uni ozod etish talablari yangramoqda.

Xalqaro mukofot 14 yildan buyon qamoqda qolayotgan Bekjon uchun ma’naviy va ruhiy yordam bo’lishiga umid qilinadi. Strasburgda o’tgan taqdimot marosimida qamoqda qolayotgan o’zbek jurnalistlari, O’zbekistondagi so’z erkinligiga oid vaziyat haqida gaplashilgan.

“Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) tashkiloti har yili bir nashrni va bir jurnalistni so’z erkinligi himoyasi uchun beriladigan mukofot bilan taqdirlaydi.

Tashkilotga ko’ra, Muhammad Bekjon so’z erkinligi qadriyati uchun kurashgan, shu e’tiqodda sodiq va buning uchun hamon jazo muddatini o’tayotgan jurnalistlardan biri.

Strasburgda o’tgan marosimda jurnalistga berilgan mukofotni huquq himoyachisi Nadejda Atayeva qabul qildi.

“Shahar meriyasida o’tgan marosimda rasmiylar, jamoatchilikka taniqli vakillar, shuningdek, turli davlatlardan kelgan jurnalistlar ishtirok etishdi. Men qamoqdagi jurnalistlar taqdiridan tashqari bugungi vaziyat, mamlakatda birorta mustaqil axborot vositasi yo’qligi haqida, O’zbekiston jurnalistlar ishlashi xatarli bo’lgan mamlakatga aylangani haqida gapirdim. Bu ishtirokchilarda ancha qiziqish uyg’otdi”, - deydi Atayeva.

Muhammad Bekjon haqida qamoqxonadan kelayotgan so’nggi ma’lumotlar ancha tashvishlanarli.

“U qamoqda sil bilan xastalangan, muolajasi esa muntazam olib borilmayapti. Buning ustiga yana boshqa kasalliklari xuruj qila boshlagan. Muhammad Bekjonning xotini so’nggi uchrashuvdan keyin juda yomon ahvolga tushgan. Hozir u davlat idorlaridan ko’mak izlayapti. Tadbir ishtirokchilari Muhammad Bekjonga atalgan tilaklarini alohida yozib qoldirishdi. Umid qilamiz, mukofot ham, tilaklar ham jurnalist ruhini ko’tarishga xizmat qiladi. Uning ozodligini talab etish uchun qulay fursat, biz shuni tashkillashtirishga harakat qilamiz”, - deydi Atayeva.

Muhammad Bekjon taqdiri mustaqillikka erishgan O’zbekistonda matbuotga va mustaqil jurnalistlarga nisbatan munosabat qanday shakllana boshlaganini ko’rsatadi.

Bekjon 1990-yillarda O’zbekistondagi ilk muxolif nashr “Erk” gazetasiga muharrirlik qilgan. Siyosiy va ijtimoiy hayotdagi dolzarb mavzularni ko’tarish bilan ommalashgan bu gazeta faoliyati uzoq davom etmadi.

Hukumat shu barobarida mamlakatda yuzaga chiqa boshlagan mustaqil nashrlarni yo’qota boshladi, senzura amaliyotini yana mustahkamladi, tazyiqlarni mustaqil va muxolif qarashdagi jurnalistlarga qaratdi.

Muhammad Bekjon 1999-yilda Toshkentda ro’y bergan portlashlarga aloqadorlikda ayblanib, 15 yilga qamalgan edi. Keyinchalik unga nisbatan amnistiya qo’llandi, jazo muddati qisqardi, ammo qamoqxonadan chiqishiga biro oy muddat qolganda yana uch yil qo’shib berildi.

Muhammad Bekjon muxolifatdagi “Erk” partiyasi raisi Muhammad Solihning ukasidir. Unga belgilangan qamoq jazosi ham, 14 yildan buyon ozodlikka chiqarilmayotgani ham akasining siyosiy faoliyati bilan bog’liq ko’riladi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG