O’zbekistonda konstitutsiyaviy huquqlar qanchalik ta’minlangan?


Islom Karimov

Islom Karimov

2013-yil O’zbekistonda “Obod turmush yili” deb nomlandi. Konstitutsiya kuni munosabati bilan xalqqa murojaat qilgan prezident Islom Karimov kelasi yil fuqarolarning erkin va farovon hayotini o’zida mujassam etadi, dedi.


Lekin, deydi huquq himoyachilari va jamoatchi faollar, bosh qomusning 20 yilligini nishonlayotgan O’zbekistonda aholi asosiy erkinliklardan mahrum.

Bayram munosabati bilan o’tgan marosimda so’zlagan Islom Karimov, jumladan, shunday dedi:

“O’zbekona aytadigan bo’lsak, barchamizni intilishlarimiz negizida avvalambor yurtimiz, vatanimizni obod qilish, inson erkin yashaydigan tinch va farovon hayot barpo etish g'oyasi mujassam”.

Karimov konstitutsiya fuqarolik va demokratik jamiyat qurishdagi asosiy tamoyil bo’lib qolayotganini ta’kidladi.

Prezidentga ko’ra, konstitutsiya asosida demokratik davlat shakllantirish bosh maqsad. Bu maqsadga erishish esa vaqt talab qiladi.

“Hammamiz yaxshi tushunamiz, demokratlashtirish va liberallashtirish biz uchun prinsipial jihatdan mutlaqo yangi bo’lgan davlatni shakllantirishdir. Bu bir-ikki yilda hal etiladigan vazifa emas”, - degan fikrda Islom Karimov.

O’zbekiston bosh qomusida fuqarolik huquqlari, jumladan, siyosiy va diniy e’tiqod erkinligi kafolatlangan. Biroq faollarga ko’ra, 20 yildirki bu huquqlar qog’ozda qolmoqda.

Konstitutsiya xalqqa emas, asosan rahbariyat manfaatiga xizmat qilib keladi.

Qonun bilan kafolatlangan huquqlar - fuqarolik harakati, muxolif siyosiy faoliyat va so’z erkinligi hamon noyob ne’matlar. Fuqarolar biror mustaqil tashabbus bilan chiqishi bilanoq keskin to’xtatiladi.

Konstitutsiya kuni oldidan muxolifatdagi “Birdamlik” harakati faollari rejalagan aksiya bunga bir misol.

Huquqlar buzilishiga qarshi norozilikni oq liboslar orqali bildirmoqchi bo’lgan faollar huquq-tartibot xodimlari tomonidan birin-ketin ta’qibga olingan.

Yetakchilari xorijda yashaydigan “Birdamlik”ning O’zbekistondagi vakili Malohat Eshonqulova:

“Harakatni viloyatdagi faollariga nisbatan tazyiqlar boshlanib ketdi. Xorazmdagi, Jizzaxdagi yetakchilarimiz Ichki ishlar boshqarmasiga chaqirilgan. Ulardan tadbirda qatnashmaslik talab qilinmoqda. Farg’onadagi faolimiz Nosir Zokirni esa Ichki ishlar boshqarmasiga olib ketishgan. U yerda aksiyada qatnashmasligi kerakligini aytib, tahdid qilishgan”.

Malohat Eshonqulovaning o’zi ham tazyiqqa uchragan, organlar tomonidan tintuv va so'roq qilingan. 7-dekabr kuni kechasi esa Samarqand viloyatida qamoqqa olingan. Faol u yerga piket o'tkazish uchun borgan edi.

O’zbekiston konstitutsiyasida fuqarolarning turli uyushmalarga birlashish, yig’ilish va o’z noroziliklarini ommaviy ifodalash huquqlari kafolatlangan.

Amalda esa fuqarolar bu imkoniyatdan, shuningdek, siyosiy erkinlik beruvchi boshqa huquqlardan mahrum.

Hukumat erkin hayot uchun shart-sharoit bor va huquqlar ta'minlangan deb keladi. Xalqaro hamjamiyatning bu boradagi tanqidlarini rad etadi.

Konstitutsiya kuni oldidan amnistiya e'lon qilindi. Lekin u siyosiy va diniy sabablar bilan qamalgan insonlarga taaluqli emas.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG