Xalqaro tashkilotlar Vashingtonda AQSh-O'zbekiston biznes forumini piket qilmoqda


Paxta terish mavsumi, 2011-yil, Qashqadaryo

Paxta terish mavsumi, 2011-yil, Qashqadaryo

Bugun Vashingtonda yillik O'zbekiston-AQSh biznes forumi o'tmoqda. O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G'aniyev unda ishtirok etyapti.

Dushanba kuni vazir BMT Bosh Assambleyasining 66-sessiyasida nutq so'zladi.

Bugungi forumda tomonlar biznes hamkorlikni kuchaytirish haqida gaplashayotgan bir paytda bir necha xalqaro tashkilot tadbirga qarshi namoyish qilmoqchi.

O'zbekistonning AQSh bilan iqtisodiy hamkorligi Janubiy Koreya yoki Rossiyachalik bo'lmasa-da, ikki davlat qator sohalarda biznes qiladi, xususan to'qimachilikda. Amerika kompaniyalari o'zbek paxtasidan tayyorlangan matodan mahsulot ishlab chiqaradi.

Ammo inson huquqlari va mehnat huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar nazarida o'zbek paxtasi bolalar hisobiga terilgani uchun undan tayyorlangan mahsulotni bozorga olib chiqish ahloqiy va ma'naviy normalarga zid.

Xalqaro mehnat huquqlari forumi deb nomlanuvchi Vashingtondagi tashkilot rasmiysi Brayan Kempbellning aytishicha, O'zbekiston hukumati paxta dalalarida bolalar ekspluatatsiyasiga chek qo'yishi lozim.

"Ma'lumotlarga qaraganda bu mavsumda ham bolalar mamlakat bo'ylab dalaga olib chiqilgan. Eng kenja paxtakor 10 yoshda. Umuman, davlat hammani - kattalarni ham paxtaga chiqaradi, ammo yosh bolani majburlash to'g'ri emas", - deydi Kempbell.

Bugungi piketni bir necha tashkilot uyushtirmoqda. Bular Xalqaro mehnat huquqlari forumi, Human Rights Watch, Xalqaro Amnistiya va Amerika o'qituvchilari federatsiyasi. Aynan shu va yana bir necha boshqa tashkilot kecha AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonga maktub yo'llab, O'zbekistonga harbiy va boshqa turdagi yordam berishni ko'zda tutuvchi qonun loyihasining Kongressda tasdiqlanishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

"O'zbekistonda inson huquqlari buzilayotgani haqidagi bayonotlaringizda qattiq turishingizni so'rab, qonunning qabul qilinishiga yo'l qo'ymaslikka da'vat etamiz", deyiladi Xillari Klinton nomiga bitilgan va 20 ga yaqin tashkilot imzolagan maktubda.

Qo'shma Shtatlar O'zbekistonda inson huquqlari poymol etilishiga norozilik bildirib, 2004-yilda harbiy yordamga cheklov qo'ygan edi.

Xalqaro mehnat huquqlari forumi vakili Brayan Kempbellning aytishicha, Amerika yengil sanoatidagi kompaniyalar O'zbekistonda paxta terimi paytida bolalar mehnatidan foydalanilayotgani haqida xabardor qilingan.

"Kiyim-kechak bilan savdo qiluvchi kompaniyalar o'zbek paxtasini boykot qilishga kelishdi. Ular orasida Adidas, Puma, Burberry, Levi's Strauss, GAP, H&M kabilar bor".

O'tgan hafta 60 dan ziyod yirik firma Markaziy Osiyodan paxtani sotib olmaslik haqida o'zaro bitim imzoladi. Human Rights Watch tashkiloti hisobiga ko'ra, har yili O'zbekistonda 1,5-2 millionga yaqin bola ikki oy davomida paxta teradi.

Bir necha kun burun Nyu-Yorkda yirik moda ko'rgazmasida O'zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaning "Guli" kolleksiyasi ham namoyish etilishi kerak edi. Ammo qator huquq tashkilotlarining noroziligi va Nyu-Yorkdagi namoyishlari sabab tashkilotchilar kolleksiyani ko'rgazmadan chiqarishga majbur bo'ldi. Natijada "Guli" ko'rgazmasi shahardagi restoranlardan biriga ko'chirildi. Ammo, deydi Brayan Kempbell, faollar u yerda ham piket uyushtirdi.

XS
SM
MD
LG