Paxtakorlar: O’zbekiston paxtazorlari azob-uqubat maydoni


Qoraqalpog’istonning To‘rtko’l tumanida bir fermer paxta kampaniyasi tahdidlari bois o’zini osgan. 38 yoshli Safarboy Karimov hokimiyatdagi majlisda tahqirlanishi va qo’rqitilishi ortidan dalada o’z joniga qasd qilgani aytilmoqda.

O’zbekistonda bu yilgi paxta terimi avvalgilaridan ham ko’ra shafqatsiz va zo’ravonlik bilan kuzatiladi. Tazyiqlardan bezigan fermerlar ilojsizlik va tushkunlikdan O’zbekistondan qochmoqda.

Safarboy Karimovning jasadi 18-oktabr kuni ertalab unga qarashli daladagi daraxtda osilgan holda topilgan. “Ozodlik“ radiosiga bu haqda gapirgan manbaga ko’ra, uch kun avval To’rtko’l hokimiyatida o’tgan majlisda paxta planini bajara olmagan Safarboy Karimov qattiq haqorat qilingan va qo’rqitilgan.

Ayni paytda uning o’limi yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani xabar qilinadi.

Faollarning aytishicha, paxta kampaniyasi hokimiyat va huquq-tartibot organlarining keskin bosimi ostida o’tmoqda. O’zbekistondagi bu vaziyat, majburiy mehnat masalasi xalqaro tashkilotlar hisobotlarida bot-bot ko’tariladi.

Global Qullik Ko’rsatkichi (Global Slavery Index) hisobotida O’zbekiston zamonaviy quldorlikni rivojlantirgan davlat sifatida qayd etiladi. Aholining bir millionga yaqini majburiy paxta terimi ko’rinishidagi qullikka mahkum, deyiladi unda.

AQShda asoslangan “Paxta kampaniyasi“ (Cotton Campaign) tashkiloti ham yaqinda O’zbekistondagi paxta terimiga doir dastlabki hisobotini e’lon qildi. Mahalliy faollarga tayanib tayyorlangan hisobotda aholining aksariyat qatlami, jumladan o’quvchilar ham majburiy mehnatga tortilgani ta’kidlanadi. Davlat siyosatiga aylantirilgan majburiy mehnatdan faqat katta miqdordagi mablag’ evaziga qutulish mumkin.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov so’zlariga ko’ra, terimga chiqmagan tadbirkorlar, xususiy firmalardan millionlab so’mlik mablag’ undirilmoqda.

“Masalan, tadbirkor bo’ladimi yoki davlat xizmatchisi bo’ladimi, o’z o’rniga mardikorlarni jo’natmoqchi bo’lsa buning uchun pul to’lashi kerak. Hisoblab chiqishibdi, mardikorni bir kunlik daromadi 60 ming so’m ekan. Bir oyga yollaydigan bo’lsa 1,5 million to’lashi kerak bo’ladi. Lekin bu pulni ko’proq yirik firmalar to’lamoqda. 10-15 kishini bo’yniga olgan kattaroq, boyroq firmalar bo’lsa 10-20 millionlab pul o’tkazib berishga majbur“, - deydi Ikromov.

O’zbekistonliklarga xalq boyligi sifatida taqdim etiladigan “oq oltin“ oddiy aholi uchun boylik emas, musibat bo’lib qolmoqda. Paxta dalasida o’zini osgan fermer Safarboy Karimovning to’rt farzandi yetim qoldi.

Fermer haqoratlangan majlis O’zbekiston prokuraturasi va Vazirlar Mahkamasi vakillari ishtirokida o’tgan. Avvalroq to’rtko’llik uch fermer paxta planini bajara olmasliklari tufayli mamlakatni tashlab qochishga majbur bo’lgan edi.

O’zbekiston hukumati tahdid va tazyiqlar ostida terdirilayotgan paxta hosilinining bir qismini allaqachon sotishga ulgurgan. Toshkentda o’tgan Xalqaro paxta va to’qimachilik yarmarkasida 680 ming tonna paxtani sotish haqida shartnoma imzolangan. Bu mahsulotdan respublika har yili 1 milliard dollar atrofida daromad oladi.

Ammo bu daromad fermer uchun emas. Fermerning ishi faqat paxtani yetishtirish, hosilni esa hukumatning o’zi aholini majburlash orqali yig’ishtirib oladi va pullaydi. Shu bois har yili ko’plab fermer xo’jaliklari inqirozga uchraydi.

Imkon topgan fermerlar pul bilan qutuladi, topmaganlari esa javobgarlikka tortiladi. Hukumat bosimidan qutulish uchun fermerlar mamlakatdan qochib ketishayotgani kuzatilmoqda.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG