Breaking News

Mehnat tashkiloti: O'zbek paxtasi ishlatilgan mahsulot importini to'xtating


Mehnat huquqlari bo'yicha yetakchi organ AQShdan O'zbekiston paxtasidan ishlangan mahsulotlarni o'z hududiga kiritmaslikni talab qilmoqda.

Amerikada 1930-yilda qabul qilingan qonun majburiy mehnat evaziga ishlab chiqarilgan har qanday mahsulot importini man etadi. Qonun amaliyoti Bojxona xizmati zimmasida.

Vashingtonda asoslangan Xalqaro mehnat huquqlari forumi (International Labor Rights Forum, ILRF) bu hujjat asosida Obama ma'muriyatiga yuqoridagi talab bilan chiqmoqda.


"O'nlab yillardan beri O'zbekiston hukumati, diktator Islom Karimov boshqaruvi ostida, millionlab bolalar, o'qituvchilar, hamshiralar, shifokorlar, davlat korxonalarining xodimlari va xususiy sektor vakillarini majburlab paxta terimiga olib chiqadi va ular og'ir sharoitda ishlatiladi. Terimdan bosh tortganlar maktabdan va ishdan haydaladi, ijtimoiy yordamdan ayriladi yoki undan battar oqibatlar bilan yuzlashadi. Hukumat jazo choralari qatorida tahdid va qamashlarga zo'r beradi. Vaziyatni kuzatgan, uni tanqid qilgan faollar hibsga olinadi, qiynoqqa solinadi. Xalqaro Mehnat Tashkiloti paxta terimini kuzatish uchun ruxsat so'raganida O'zbekiston uni rad etishda davom etmoqda",- deyiladi 15-may kuni uzatilgan shikoyatnomada.

Hujjatda "Daewoo" xalqaro korporatsiyasi, "Indorama" korporatsiyasi va boshqa bizneslar haqida gap ketadi. "Daewoo" Janubiy Koreyada asoslangan bo'lib, unga aslida POSCO metal kompaniyasi (Nyu-York birjasida PKX nomi bilan aksiyalari sotiladi) egalik qiladi. "Indorama" esa Singapurda joylashgan va ip, gazlama va organik paxta mahsulotlari bilan tanilgan. Bu ikki kompaniya - O'zbekiston paxtasini ishlatuvchi eng yirik bizneslar.

AQSh davlat hujjatlariga ko'ra, 2008-yildan beri Amerikaga O'zbekiston paxtasidan tayyorlangan 620 tonnadan ortiq tovar import qilingan. 2013-yilning fevral oyida, masalan, 23 tonna ip olib kelingan.

"Amerika federal qonuni majburiy mehnat evaziga ishlab chiqarilgan har qanday mahsulot importini taqiqlagan",- deya qayd etadi Brayan Kempbell, Xalqaro mehnat huquqlari forumi vakili.

"AQSh Bojxona xizmati O'zbekiston paxtasi qanday qilib kirib kelayotganini tekshirib, qayerda nima xatoga yo'l qo'yilganini aniqlashi kerak va biz hukumatdan kelajakda buning oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko'rishni kutamiz",- deydi Kempbell.

Xalqaro mehnat huquqlari forumi
Xalqaro mehnat huquqlari forumi
Xalqaro mehnat huquqlari forumi Amerikada bu borada boshlangan Paxta kampaniyasining (Cotton Campaign) bir qismi. Huquq faollari olib borayotgan bu targ'ibotning maqsadi O'zbekiston dalalarida majburiy mehnatga chek qo'yilishini ta'minlash. Buning uchun esa respublika bilan hamkorlik qilayotgan davlatlar va bizneslarga bosim oshirilmoqda. Hukumatlar va mahsulot ishlab chiqaruvchilar mavjud qonunlarni buzmasligi, O'zbekistondagi vaziyatni ko'z yummasligi va xalqqa hisobot berishi kerak, deydi huquq himoyachilari. Shu kungacha o'nlab bizneslar va muassasalar bu kampaniya qo'shilgan.

O'zbekiston hukumati odatda bunday bayonot va harakatlarga ochiq javob bermaydi. Rasmiy pozitsiya shuki, respublikada bolalar mehnati va majburiy mehnat man etilgan, zarur qonunlar qabul qilingan. Paxta - yurtni boqadigan asosiy boylik, uni yetishtirish va terish ichki masala va chetdan hech kim aralashmasligi kerak.

Qarshi tomon da'vosicha, oq oltin deb atalmish boylikning huzurini juda tor doira vakillari ko'radi va hukumat xalqni ezishda davom etmoqda. O'zbekiston imzo chekkan xalqaro qonunlar har qanday majburiy mehnatni man etadi, hukumat ularga bosh egishi, ularning ijrosini amalda ta'minlashi kerak, deydi huquq faollari. Zarur hujjatlar qabul qilingani bilan bolalar va kattalar zo'rlab dalaga olib chiqiladi va huquqi poymol etiladi. Ayrimlar deydiki, bu azaliy odat, xalq o'rganib ketgan va paxta tergani bilan faxrlanadi. Huquqbonlar tahlilicha esa bu qadriyat emas, insonni qadrsizlash.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG